Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi 2025 yilning ikkinchi choragi yakunlari bo‘yicha moliyaviy hisobotini e’lon qildi.

Birlamchi uy-joy bozorida ayrim hududlarda narxlar oshgan bo‘lsa, ayrim hududlarda sezilarli pasayish kuzatilgan. Xususan, Toshkent shahri (-8,2 foiz) va Toshkent viloyatida (-5,7 foiz) narxlar arzonlashishi davom etgan. Poytaxtda birinchi chorakda ham 6,5 foizlik pasayish qayd etilgandi.

Hisobot davrida eng yuqori narx o‘sishi Jizzax (+8,6 foiz), Xorazm (+5 foiz) va Surxondaryoda (+3,2 foiz) kuzatilgan.

Toshkent shahri va viloyatida kuzatilgan narxlarning qisman pasayishini 2020-2023 yillarda qayd etilgan yuqori o‘sish sur’atlarining tabiiy tuzatilishi sifatida izohlangan. Shu bilan birga, ayrim hududlarda uy-joy narxining o‘sishi davom etyapti. Bunday o‘sish respublikaning yirik markazlariga qaraganda uy-joy narxlari past bo‘lgan hududlarda, xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Sirdaryo, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida kuzatilgan.

«O‘zbekiston uy-joy bozoridagi e’lonlar odatda AQSh dollarida joylashtiriladi. Joriy yilning II choragi yakuniga ko‘ra, milliy valuta AQSh dollariga nisbatan I chorak yakuni bilan solishtirganda, 1,7 foizga mustahkamlandi. Bu jarayon, o‘z navbatida, uy-joy narxlarining milliy valutada biroz arzonlashishiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatgan», deyiladi hisobotda.

Toshkent shahri kesimida olinganda yil boshidan beri barcha tumanlarda narxlarning arzonlashishi kuzatilgan. Eng katta pasayish Sergeli (1-chorakda – 10,5 foiz, ikkinchi chorakda – 4,5 foiz) tumanida qayd etilgan bo‘lsa, Shayxontohur tumanida narxlarning nisbatan barqarorligi saqlanib qolgan.

Uylarning o‘rtacha qiymati jihatdan eng arzon tuman Bektemir (10,72 mln so‘m/m²), eng qimmat tumanlar Mirobod (17,16 mln so‘m/m²), Yakkasaroy (15,68 mln so‘m/m²) va Shayxontohur (16,24 mln so‘m/m²) bo‘lib qolyapti.

Ikkilamchi uy-joy bozori

Ikkilamchi uy-joy bozorida ham ayrim hududlarda narxlarning oshishi, ayrim hududlarda esa tushishi kuzatilyapti. Bu borada eng katta narx o‘sishi Qoraqalpog‘iston (+9,6 foiz), Xorazm (4,2 foiz), Sirdaryo (3,7 foiz) va Surxondaryo (2,9 foiz) viloyatlarida, eng katta pasayish esa Toshkent viloyati va Toshkent shahrida qayd etilgan.