Talabalar my.gov.uz sayti/ilovasi orqali yoki davlat xizmatlari markaziga borgan holda ariza jo‘natib, yotoqxona uchun navbatga yozilishi mumkin. Bunda imtiyozli va umumiy ro‘yxatdagi nomzodlar ketma-ket ko‘rib chiqiladi. Xo‘sh, jarayon o‘zi qanday kechyapti? Yotoqxonaga joylashish qanchalik oson yoki qiyin? Uning to‘lovi qancha? Kun.uz materialida shu haqda so‘z boradi.
3 sentabr kuni OTMlarda 1-kurs talabalari uchun darslar boshlandi. Yuqori bosqichlar uchun o‘quv yili 8 sentabrdan start oladi.
Har o‘quv yili boshlanishi bilan yashash joyidan uzoqda tahsil oluvchilar uchun yotoqxona yoki ijaraga turar joy topish masalasi dolzarblashib qoladi. Kun.uz bu boradagi savollar bilan Oliy ta’lim vazirligi bosh mutaxassisi Laziz Mingishov bilan suhbatda bo‘ldi.
Uning aytishicha, Vazirlar Mahkamasining 376-sonli qarori bilan 2024 yildan boshlab talabalar turar joyiga joylashtirish raqamlashtirilgan va buning ma’muriy reglamenti tasdiqlangan.
“Ushbu ma’muriy reglamentga ko‘ra, talabalar bevosita talabalar turar joyiga joylashish uchun davlat xizmatlari markazlariga yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida ariza berish yo‘li bilan talabalar turar joyiga joylashtiriladi.
Dastlab imtiyozli va umumiy ro‘yxatdagi talabalar ketma-ket mezonlar asosida joylashtiriladi. Imtiyozli talabalarga: birinchi, ikkinchi guruh nogironligi bo‘lgan talabalar, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”dagi oila farzandlari, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiradigan talabalar, bundan tashqari, mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari, chin yetim bo‘lgan talabalar, undan keyin Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan respublika bo‘yicha o‘tkaziladigan fan olimpiadalari g‘oliblari, turli tanlovlar: “Zakovat”, talabalar teatr studiyalari g‘oliblari bo‘lgan talabalar, bitta oilada ikki va undan ortiq kontraktda o‘qiydigan oila farzandlari kiradi. Bu mezonlar ketma-ketligida talabalar turar joyiga joylashtiriladi.
Undan keyin umumiy ro‘yxatdagi talabalar joylashtiriladi. Bularga ham mezon belgilangan: bakalavriatning kunduzgi shaklida o‘qiydigan talabalar to‘liq yotoqxona bilan ta’minlanmasdan turib, kechki va sirtqi ta’lim shaklida o‘quvchilarga joy berilmaydi. Bakalavr birinchi joylashmasdan turib, magistrga va undan keyingi bosqichlarga yo‘l qo‘yilmaydi. Ustuvorlik berilgan bo‘ladi”






