Avgust oyida global go‘sht narxlari yangi rekord darajaga yetdi, deya yozmoqda Bloomberg nashri. Bunga AQSh va Xitoyning mol go‘shtiga bo‘lgan kuchli talabi sabab bo‘lib, bu jarayon global qoramol zaxiralari kamayib borayotgan bir paytda bir necha oydan beri davom etayotgan o‘sishni yanada kuchaytirdi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tuzgan go‘sht narxlari indeksi avgust oyida iyuldagi rekordni ham ortda qoldirdi. Narxlarning keskin o‘sishi ayrim mamlakatlarda inflatsiya bosimini kuchaytirmoqda. Masalan, iyul oyida Buyuk Britaniyada mol go‘shti iste’mol narxlari qariyb 25 foizga yuqori bo‘ldi.
Dunyoning ko‘plab hududlarida chorvadorlar iqlim o‘zgarishi va kasalliklar bilan kurashishga majbur bo‘lib, ishlab chiqarish hajmi qisqarib ketmoqda. AQShdagi qoramol soni oxirgi o‘n yilliklardagi eng past darajaga tushgan, yetakchi eksportchi Braziliyada ham qoramollar soni qisqarib bormoqda. Ob-havoning tobora beqarorligi esa qoramolchilikni tiklash jarayonini yanada qiyinlashtirmoqda.
FAO'ning 5 sentabrda e’lon qilingan hisobotida qayd etilishicha, AQShdagi yuqori talab Avstraliyada mol go‘shti narxini oshirgan. Shu bilan birga, Xitoyning Braziliyadan faol importi, AQSh bozorida tariflar oshishi tufayli savdo kamayganiga qaramay, braziliyalik yetkazib beruvchilarni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Sut mahsulotlari narxining ko‘tarilishi ham bozorga qo‘shimcha bosim beryapti, chunki so‘yishga mo‘ljallangan qoramollar soni kamaymoqda.
FAO iqtisodchisi Monika Totxovaning aytishicha, mol go‘shti bozoridagi vaziyat sut mahsulotlari narxlari yuqoriligi bilan ham bog‘liq. “Masalan, sariyog‘ va pishloq narxlari qimmat bo‘lsa, chorvadorlar sigirlarini go‘sht uchun so‘yishga shoshilmaydi”, – deydi u.
O‘zbekistonda narxlar bilan bog‘liq vaziyat
Statistika agentligi ma’lumotiga ko‘ra, oxirgi bir yilda O‘zbekistonda suyaksiz mol go‘shti 25,7 foizga, suyakli mol go‘shti 24,9 foizga qimmatlashgan. Qo‘y go‘shti esa hozir bir yil oldingiga qaraganda 28,5 foizga qimmat sotilyapti.







