Toshkentda arzonlashtirilgan mahsulotlar yarmarkalarida narxlarni nazorat qilish uchun kameralar o‘rnatilmoqda, deya xabar berdi shahar hokimligi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, hokimlik va prokuratura departamenti tashabbusi bilan iste’mol mahsulotlarini arzonlashtirilgan narxlarda taqdim etish maqsadida poytaxt bozorlarida maxsus savdo yarmarkalari yo‘lga qo‘yilgan.

“So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda ushbu yarmarkalardagi ayrim rastalarda ko‘rsatilgan narxlardan farqli narxlarda savdo qilish holatlari kuzatilayotgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Bu esa aholining e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Shu boisdan, arzonlashtirilgan mahsulotlar yarmarkalarida shaffoflikni ta’minlash, narxlarni nazorat qilish va sun’iy oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida [...] mazkur rastalarda kuzatuv kameralari o‘rnatilishi boshlandi”, – deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, hozirgi kunda Mirobod dehqon bozori va “Eski Juva” (Chorsu) bozorida kuzatuv kameralarini o‘rnatish ishlari yakunlangan.

Bu boradagi ishlar davom etmoqda va tez orada poytaxtning barcha yirik bozorlaridagi arzonlashtirilgan mahsulotlar yarmarkalarida kuzatuv kameralari o‘rnatiladi.