O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Temur Kapadze o‘z o‘rniga xorijlik murabbiy kelishi haqidagi gaplar yuzasidan yana bir bor munosabat bildirdi.

«Bu [mavzu] odamni sovitadi. Xonada o‘tirasiz, ishlash kerak, mashg‘ulot bor, yigitlarga gapiradigan gaplarim bor… yoqimsiz [hissiyot]. Motivatsiyani menga xalq berdi, ayrim jurnalistlar berdi.

Albatta, bu [gap-so‘zlar] ta’sirini ko‘rsatdi. Futbolchilar ham internetda ko‘ryapti, ular ham „Aka, nima bo‘lyapti?“ deb savol beraverdi. Yoqimsiz holat. Turnirdan avval tayyorlashim kerak, bu yerda esa bunday narsalar bo‘lyapti

Hammasini rasmiy izoh orqali tartibga solsa bo‘lardi. Agar xorijlik murabbiy jalb qilishmoqchi ekan, kichik matbuot anjumani tashkillashtirib „Jahon chempionati tajribasiga ega murabbiy qidiryapmiz. Temurga qilgan ishlari uchun rahmat“ deb aytib qo‘yishsa bo‘lardi.

Hamma menga savollar beraverdi. Shu tomondan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi meni qiynab qo‘ydi. Ehtimol, o‘zlari ham hali yakuniy qarorga kelishmagandir.

Agar top darajadagi xorijlik murabbiy kelsa, qarshiligim yo‘q. Uning yonida yurib, ko‘r narsa o‘rganishim mumkin», –degan Kapadze Oriat Dono radiosidagi «Futbol+» ko‘rsatuvida.

U o‘zbek murabbiylari ham Jahon chempionatida tajriba ortirishi kerakligini gapirdi.

«Har bir musobaqa, jumladan, CAFA ham bizga yaxshi tajriba bo‘ldi. Qayerdadir xato qilasiz, keyin tahlil qilasiz, tajriba shunday keladi-da. Jahon chempionatida bo‘lmasa, tajribani qayerda yig‘amiz. Maqsad chempion bo‘lish bo‘lmasa, mayli, guruhdan chiqish bo‘lsin, lekin o‘sha tajriba ham foydali bo‘ladi-ku. Men, balki boshqa o‘zbek murabbiyi bo‘lishi mumkin, tajriba shu yerda [Jahon chempionatida] yig‘iladi-ku. Yig‘ilgan tajriba shu yerda – o‘zbek futbolida qo‘llanadiku», – dedi Kapadze.

Kapadze o‘rniga nomzodlar

So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston milliy jamoasi boshqaruviga xorijlik murabbiy olib kelinishi haqida xabarlar chiqmoqda. Avvaliga O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi 2014 yil Germaniyani jahon chempioniga aylantirgan Yoaxim Lyov bilan muzokaralar olib borgan, yakunda tajribali mutaxassis bu taklifni rad etgandi. Turkiyalik Fotih Terim haqida ham xabarlar chiqdi, ammo bu variant muzokaralar darajasiga yetib bormadi.