Bu hodisa o‘rmon qonunlari amal qiladigan jamiyatda emas, biz yashab turgan mamlakatda sodir bo‘ldi. Ayol og‘ir bosimlar ostida farzandini uy sharoitida dunyoga keltirgach, bola undan olib qo‘yildi va o‘zi molxonaga qamaldi. Ochlikdan o‘lmaslik uchun tarvuz po‘choqlari, mollar uchun tashlangan mahsulot qoldiqlariyu chiqindilarni yeb, jon saqladi. 

Voqealarning to‘liq tafsilotini videoda tomosha qiling.

Surxondaryo viloyati Uzun tumanida kuzatilgan aqlga sig‘mas holat – bir necha haftalab molxonada saqlangan ayol voqeasi. U farzandini dunyoga keltirgach, og‘ilxonaga qamalgan va ochlikdan o‘lmaslik uchun tarvuz po‘choqlari hamda boshqa mahsulotlarning qoldiqlarini iste’mol qilib jon saqlagan. Kechagina farzandini dunyoga keltirgan ayol ayovsiz kaltaklangan. Ayol topilgan vaqtda uning holati qo‘rqinchli edi.

Kun.uz jurnalisti voqea joyida bo‘lib, molxonada saqlangan ayol voqeasini o‘rgandi. U qaysi sabab bilan bu xonadonga kelib qolgani, dahshatli kunlari, mahalladan yashirilgani, bu sir qanday qilib fosh bo‘lgani haqida hikoya qilamiz. Biz ayol va bolasining hozirgi holati, voqea guvohlari, mas’ullar hamda o‘sha mudhish xonadonda bo‘lib, gumondorlar bilan muloqot qildik.

U ayol kim edi?

Obizarang mahallasi xotin-qizlar faoli Mohira Ernazarova ayol bu xonadonga qanday qilib kelib qolgani, mahalladan yashirilgani va sir qay holatda fosh bo‘lganini aytib berdi.

Ernazarovaning aytishicha, joriy yilning yanvar oyida xatlov o‘tkazilgan. O‘sha xonadonga borilganida u yerda yashovchilarning hujjatlari olingan. Tasodifan o‘sha jabrlangan ayolning hujjati mahalla mas’ullari qo‘liga tushgan (bu ayol Sariosiyo tumanida tug‘ilgan). Tabiiyki, uning kimligi bilan qiziqishganida oila a’zolari “kelinimiz” deb aytishgan. Qayerdaligi so‘ralganda, xonadon egasi Ziyoda Ashurova o‘g‘li Ashur Shamsiyev bilan Toshkentga ishlagani ketganini aytgan. Keyinchalik ham bir necha marta shu holat takrorlangan. Har safar u Toshkentda ekanini iddao qilib, mahalladan so‘rab keluvchilarga ko‘rsatilmagan.