Rossiya Donetsk oblastida joylashgan Yarovaya posyolkasiga aviabomba tashladi, deb xabar berdi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 9 sentabr kuni. Ukraina politsiyasi va prokuraturasidan ma’lum qilishlaricha, bu soat 11 atrofida, posyolka aholisi «Ukrposhta» pochta aloqasi operatorining mobil punkti yonida pensiya olishga yig‘ilganida ro‘y bergan.

«Rossiyaning Donetsk oblastidagi Yarovaya posyolkasiga aviabomba bilan vahshiylarcha zarbasi. To‘g‘ri odamlar ustiga. Oddiy fuqarolar ustiga. Pensiya berilayotgan paytda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar soni 20 nafardan oshgan. Ortiqcha so‘zga hojat yo‘q», – dedi Zelenskiy.

  • Yarovaya – Donetsk oblastining Kramatorsk rayonidagi Liman shahar obshchinasi tarkibidagi posyolkadir. 2022 yil boshidagi ma’lumotlarga ko‘ra, posyolkada 1840 kishi yashagan. Posyolka front chizig‘idan sakkiz kilometr masofada, oblastda ukrainlar nazoratida qolayotgan so‘nggi yirik shaharlardan biri Slovyanskdan 40 km shimolda joylashgan. Rasmiylar avgust oyida posyolkadan bolali oilalar majburan evakuatsiya qilinishini e’lon qilgandi.

Zelenskiy e’lon qilgan videoyozuvda qurbonlarning jasadlari hamda «Ukrposhta»ning zarbaga uchragan avtomobili ko‘ringan. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, «qurbonlar orasida – mahalliy pensionerlar hamda „Ukrposhta“ ekipaji a’zolari bor».

Ukraina Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha xizmatining so‘nggi ma’lumotiga ko‘ra, 24 kishi halok bo‘lib, 19 kishi yaralangan.

«Ukrposhta» hodisaga izohida «Rossiya o‘lim keltirishda davom etayotgani»ni qayd etgan. Kompaniyaning ma’lum qilishicha, Yarovayada haydovchi va pochta bo‘limi boshlig‘i zarba ostida qolgan, ular omon qolgan. Pochta xodimi kasalxonaga yotqizildi, deb xabar berdi «Ukrposhta» bosh direktori Igor Smelyanskiy.

Havo hujumidan so‘ng «Ukrposhta» rahbari front yaqinidagi hududda pensiya to‘lash tartibini o‘zgartirishga va’da berdi. «Urush boshlanganidan beri biz doimiy ravishda xavfsizlik tartibini o‘zgartirib kelamiz, videoda ko‘rinib turganidek, mashina daraxtlar ostida turgandi, bu esa uni payqash xavfini kamaytirardi. Ammo kimdir koordinatalarni yetkazgan ko‘rinadi», – dedi kompaniya bosh direktori.

Volodimir Zelenskiy jahon hamjamiyatidan voqeaga munosabat bildirishni so‘radi.

Rossiyaning bunday zarbalari dunyoning munosib reaksiyasisiz qolmasligi aniq. Rossiyaliklar odamlarni o‘ldirishda davom etmoqda, ammo yangi kuchli sanksiyalar, yangi kuchli zarbalardan qutulib qolmoqda. Dunyo jim turmasligi kerak. Dunyo harakatsiz qolmasligi kerak. Qo‘shma Shtatlarning reaksiyasi kerak. Yevropaning reaksiyasi kerak. Yigirmatalikning reaksiyasi kerak. Rossiya o‘lim olib kelishni to‘xtatishi uchun kuchli harakatlar kerak.