Közingiz tuşgan bölsa kerak, Rossiya dronlari Polşa havo hududiga kirib borgani haqida xabarlar tarqaldi. Bunaqasi avval ham bölgan, lekin öşanda dronlar Polşa hududi orqali Ukraina şaharlariga ötib, keyin portlagandi. Bu gal rus dronlari Polşadagi strategik obektlarni, xususan, Jyeşuv aeroportini nişonga olib uçgani aytilmoqda. Polyaklar xavotirda. Quyida şu haqda.
Polşa boş vaziri Donald Tuskning aytişiça, tun davomida mamlakat havo hududiga kamida 19 ta dron uçib kirgan. Ularning aksari Belarus hududidan Polşaga uçib borgan. Polşalik harbiylar dronlarni urib tuşirgan. Bu uçun qiruvçi samolyotlar osmonga kötarilgan. Bu NATO davlatining Rossiya qurolini urib tuşirişi bilan boğliq ilk holat böldi.
Polşa boş vaziri holatni katta provokatsiya deb atadi. Şunday bölsa-da, NATO va Polşa buni Rossiyaning alyansga a’zo davlatga hujumi deb baholamagan. Rossiya tomoni holatga rasman izoh bermadi, lekin ba’zi diplomatlar dronlar Rossiyaniki ekaniga heç qanday isbot yöqligini aytib çiqdi. Belarus mudofaa vazirligi göyoki «osmonda adaşib qolgan» bir neçta dronlarni urib tuşirgani, Polşa va Litvani ham noma’lum uçuvçi jismlar yaqinlaşib borayotganidan ogohlantirgani haqida bayonot berdi.
Keyinroq ma’lum bölişiça, Polşada bitta raketa parçalari ham topilgan. Dron qoldiqlaridan biri Ukraina–Belarus çegarasi yaqinidagi şaxsiy uyga borib tekkan. Ba’zi naşrlarga köra, zarbdor dronlar qatorida immitatsion dronlar ham uçirilgan. Rossiya Ukrainaga hujumlarida oddiy plastikdan yasalgan heç qanday bomba joylanmagan bunaqa dronlardan havo mudofaasini çalğitiş uçun foydalanib keladi.
Ukrainlar qanday fikrda?
Polşa osmonidagi dronlar Ukraina kanallarida qanday yoritilganini obdon kuzatdim. Ularning aksarida ukrainlar Polşa osmoniga dronlar uçib kirganini kulib qarşi olgan. Yöq, xursandçilik bilan emas, aynan kulib. Ya’ni bizga tört yildan beri kuniga yuzlab dron, tonnalab bomba taşlaşadi, siz 3-4 ta plastik dron uçib kirganiga şunça vahima qilyapsizlarmi, degan ma’noda. Ukrain kanallarida ayniqsa bu dronlarni uriş uçun butun boşli F-35 qiruvçi samolyotlari havoga kötarilgani sarkazm bilan qarşi olindi. Turli memlar paydo böldi.
Şuningdek, ukrainlar Polşa NATO favqulodda yiğilişi çaqirganini ham tabassum bilan qarşiladi. Çunki NATO qaysidir a’zo davlatga hujum bölsa, bayonot berişdan nariga ötmasligi, afsonaviy 5-modda şunçaki rasmiyatçilik ekanini ular juda yaxşi bilişadi.










