Angliya: «Siti» qo‘shnilarni tor-mor etdi

«Manchester Siti» – «Manchester Yunayted» 3:0
Gollar: Foden (18), Holand (53, 68)
«Manchester Siti»: Donnarumma, Ruben Diash, Gvardiol, O`Rayli, Husanov, Reynders, Rodri (Gonsales, 76), Foden, Doku (Savio, 77), Bernardu Silva (Ake, 88), Holand (Bobb, 87)
«Manchester Yunayted»: Bayindir, de Liht, Shou, Yoro (Maguayr, 62), Brunu Fernandesh, Ugarte (Kazemiru, 80), Dorgu, Mazraviy (Maynu, 62), Diallo, Mbemo, Sheshko (Zirkze, 80)

Donnarummaning «Manchester Siti»dagi debyuti «Yunayted» bilan derbi o‘yiniga to‘g‘ri keldi. Shu kuni narigi jamoa safida ilk bor boshlang‘ich tarkibda tushgan Sheshko uchun esa bu yomon xabar edi. Italiyalik darvozabon shu kuni uning ikki xavfli zarbasini qaytardi.

Pep Gvardiola shu kuni boshqa pozitsiyalarda ham rokirovka qilgandi. «Brayton» bilan o‘yinda boshlang‘ich tarkibda Husanov, Stounz, Ayt-Nuri va Nunes tushgandi. Bu safar esa bu to‘rtlikdan faqat o‘zbekistonlik himoyachi qoldirildi va u odatdagi kabi markazda emas, Nunes o‘rniga o‘ng qanotda paydo bo‘ldi. Himoya to‘rtligini jarohatidan tuzalib qaytgan Gvardiol, shuningdek Diash va O'Rayli to‘ldirishdi. Jarohat tufayli Marmush va Sherki o‘ynay olishmadi, ularning o‘rniga Doku va Foden boshlang‘ich tarkibga qaytdi.

Aynan Jyeremi va Fil birinchi golni uyushtirishdi. 18-daqiqada belgiyalik vinger tashabbusni o‘z qo‘liga olib, o‘ng qanotdan jarima maydoniga kirdi va Ugarte hamda Shouni ortda qoldirib, ikkinchi urinishda to‘pni markazga uzatdi, bu yerda turgan ingliz futbolchisi esa bosh bilan darvozani ishg‘ol etdi. Bu Foden uchun APLda 25 yanvardan buyon ilk bor gol urishi bo‘ldi.

Bu vaziyatda «Manchester Yunayted» himoyachilari tomoshabinga aylanishdi. Ular bor e’tiborini Dokuga qaratishdi va Foden hamda Holandni ochiq qoldirishdi.

Norvegiyalik to‘purarda ham tezkor gol urish imkoniyati bo‘lgandi, ammo u yaqin burchakni aniq nishonga ololmadi. Doku hujumda faol o‘ynashda davom etib, yana bir hujumda Yoroni ortda qoldirdi va chap qanotdan markazga uzatma berdi — ammo Reyndersning zarbasi oddiy chiqdi va darvozabonga qiyinchilik tug‘dirmadi.

«Yunayted» ham hujumlar tashkillashtirdi va bir necha bor mezbonlar jarima maydoniga kirib bordi. Shunday vaziyatlardan birida Sheshko Mbemoning himoyachilar ortiga tashlagan uzatmasidan keyin to‘pni o‘ziga bo‘ysundirib, zarba berdi, ammo Donnarumma o‘z vaqtida oldinga chiqib, burchakni qisqartirgandi va xavfni bartaraf etdi.