Qatardagi sammit musulmon dunyosining birdamligini namoyish etdi, ammo bu jarayon bitta savolni kun tartibiga olib chiqdi: musulmon davlatlari NATOga o‘xshash harbiy ittifoq tuzishi mumkinmi? Pokiston yadroviy salohiyati, Turkiyaning dron texnologiyalari va boshqa qudratlarni birlashtirish nazariy jihatdan kuchli blokni yaratishi mumkin. Xo‘sh, bu amalga oshadimi? “Geosiyosat”da siyosatshunoslar Dohada Isroil hujumlari qoralangan sammit hamda islom dunyosining “NATO”si mavzularini muhokama qildi.

Dohadagi arab-islom sammiti qanday o‘tdi?

Bektosh Berdiyev: Qatardagi sammit arab va musulmon mamlakatlari uchun muhim voqea sifatida ko‘zga tashlandi. Bu yig‘ilish o‘lchami va nufuz jihatidan alohida ahamiyatga ega bo‘lib, unda Isroilning hujumi qat’iy qoralandi. Voqealar zanjiri va tez tashkil etilishi shuni ko‘rsatadiki, musulmon dunyosi muhim masalalarni muhokama qilish uchun tezda birlashish qobiliyatiga ega ekanini ko‘rsatdi.

Sammitning tez va keng ko‘lamda tashkil qilingani alohida e’tiborga loyiq: odatda bunday uchrashuvlar bir necha oy avvaldan tayyorlanishi kerak edi. Ushbu birdamlik Isroilga ta’sir ko‘rsatishi mumkin, ya’ni u ma’lum darajada xavotir uyg‘otdi. Bugungi musulmon dunyosi 20-30-50 yil oldingidek emasligini, siyosiy, diplomatik va tashkilot jihatdan sezilarli o‘zgarishlar borligini tan olish lozim.

Sammit doirasida Isroilning Qatarga qarshi harakati qat’iyan qoralangani, hatto deklarativ darajada bo‘lsa ham katta siyosiy yutuq sifatida baholanishi mumkin. Ammo voqea tafsilotlari to‘liq ochiqlanmagani shubhalarga sabab bo‘lmoqda. Xususan, hujum yo‘nalishi va texnik jihatlari haqida aniq ma’lumotlarning yo‘qligi, Qatar osmonida himoya tizimlarining nima sababdan ishlamay qolganiga oid savollarni paydo qilmoqda. Yana bir savol doimiy havo-kosmik operatsiyalar va uzun masofali samolyotlar uchun qanday qo‘shimcha yoqilg‘i ta’minoti amalga oshirilgani va kim tomonidan bu qo‘llab-quvvatlangani haqida ham yetarlicha ma’lumot yo‘q. Shuningdek, Qatar va boshqa arab davlatlari vakillarining AQSh bilan munosabatlari ham muhokama mavzusi bo‘ldi. Qatar TIV bilan AQSh siyosiy arboblari o‘rtasidagi uchrashuvlar bu davlatlar orasidagi kuchli bog‘liqlikni ko‘rsatadi. Bu bog‘liqlik ayrim hollarda tashqi siyosatda cheklov va ehtiyotkorlikka olib kelishi mumkin. Xulosa qilib aytganda, Qatardagi sammit arab dunosining tashkiliy va siyosiy faolligi namoyishidir. Biroq uning samarasini to‘liq baholash uchun hujum tafsilotlari, harbiy-texnik dalillar va xalqaro aloqalarning yanada oshkora tahlili zarur. Shu bilan birga, bugungi arab monarxiyalari va boshqa mamlakatlarning AQSh bilan kuchli bog‘lanishi ular siyosatida muhim rol o‘ynashini ko‘rsatadi, bu esa arablarga ba’zan muayyan cheklovlar ham olib kelishi mumkin.