Rossiyalik siyosatchining bevasi Yuliya Navalnayaning aytishicha, uning turmush o‘rtog‘i 2024 yil fevral oyida koloniyada zaharlangan. Uning so‘zlariga ko‘ra, biologik materiallarni tahlil qilgan ikkita laboratoriya shunday xulosa bergan. Navalnaya laboratoriyalardan natijalarni rasman e’lon qilishni talab qildi.

«2024 yil fevral oyidayoq biz Alekseyning biologik materiallari namunalarini ishonchli tarzda chet elga jo‘natishga muvaffaq bo‘lgandik. Ikki mamlakatdagi laboratoriyalar bir-biridan mustaqil ravishda ushbu namunalar bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazgan. Bir necha oy oldin men natijalar chiqqanidan va ushbu laboratoriyalar Aleksey zaharlab o‘ldirilgan, degan xulosaga kelganidan xabar topdim», – deya yozgan Navalnaya telegram-kanalida.

Bu qanday laboratoriyalar va ular qaysi mamlakatlarda joylashganiga siyosatchining bevasi aniqlik kiritmadi.

«Buyog‘iga nima bo‘ladi? Bilmayman. Rossiya fuqarosi Rossiya hududida o‘ldirildi. Barcha dalillar bazasi ham o‘sha yerda qolgan. Jinoiy ish qo‘zg‘atish va yuritish uchun g‘arb davlatlarida hech qanday qonuniy asos yo‘q», – deya davom etgan u.

U «turmush o‘rtog‘i Aleksey Navalniy aynan nimadan zaharlangani bo‘yicha tadqiqotlar natijalari oshkor etilishi»ni talab qilgan.

Rossiya Federal jazoni ijro etish xizmati Navalniyning o‘limi haqida 2024 yil 16 fevralda xabar bergandi. Siyosatchining safdoshlari avval ham u o‘ldirilganini aytib, uning o‘limida Rossiya prezidenti Vladimir Putinni ayblagandi. Rossiya rasmiylariga ko‘ra, o‘lim tabiiy sabablarga ko‘ra sodir bo‘lgan.

«Chindan ham keyinchalik biologik namunalar olib ketilgan», – deb yozdi Navalniyning safdoshi Ivan Jdanov.

Aleksey Navalniyning so‘nggi soatlari qanday o‘tgan?

Navalniyning jamoasi Yamalo-Nenets avtonom okrugidagi Xarp koloniyasining besh nafar xodimidan siyosatchi hayotining so‘nggi kunlarida nimalar sodir bo‘lgani haqida ko‘rsatma olgan. Yuliya Navalnaya bu ko‘rsatmalarni batafsil so‘zlab beradi.

«Mening qo‘limda Xarp axloq tuzatish koloniyasining besh nafar xodimining ko‘rsatmalari bor, biz ularni ilgari hech qachon ochiqlamaganmiz. Ularning barchasi bu koloniyaga o‘tkazilgandan keyin va aynan 16 fevral kuni Aleksey bilan nimalar sodir bo‘lganini so‘zlab berishadi», – deydi Navalnaya o‘zining so‘zlari yozib olingan videoda. Uning aytishicha, koloniya xodimlarining ko‘rsatmalari taxminiy manzarani hosil qiladi, ularda nomuvofiqliklar mavjud.

Siyosatchining bevasiga ko‘ra, 3 fevral kuni Navalniyning oyog‘ida og‘riq boshlangan, uni tibbiyot xonasiga olib borishgan, u yerda qon bosimi va tana haroratini o‘lchashgan, ammo boshqa hech narsa qilishmagan.