Bişkek tuman sudi "Kloop" mustaqil axborot portalining sobiq xodimlarini beş yilga ozodlikdan mahrum etdi. Operatorlar Aleksandr Aleksandrov va Joomart Duulatovga nisbatan hukm 17 sentabr, çorşanba kuni e’lon qilindi. Ismlari oşkor etilmagan yana ikki buxgalter uç yillik şartli qamoq jazosiga hukm qilindi (qamoq örniga nazoratni nazarda tutuvçi jazo). Tört nafari ham ommaviy tartibsizliklarni qözğatişda aybdor deb topildi.

Ayblov xulosasida aytilişiça, sudlanuvçilar YouTube'dagi Temirov Live kanali asosçisi, suriştiruvlar bilan şuğullanuvçi jurnalist Bolot Temirov bilan hamkorlikda yaratilgan materiallarni tarqatiş va çop etişda iştirok etgan. Ayblov tomoniga köra, qöşma tekşiruvlar “yolğon ma’lumotlar va mamlakat rahbariyatini asossiz tanqid qiliş”dan iborat bölib, “buzğunçi kuçlarni ommaviy tartibsizliklar uyuştirişga undaş va hokimiyatni zöravonlik yöli bilan egallaşga ommaviy çaqiriq”ni maqsad qilgan.

"Kloop" özining Telegram-kanalida ta’kidlaganidek, muhokama qilinayotgan videolar naşr tomonidan e’lon qilinmagan, unda na operatorlar, na buxgalterlar heç qanday tarzda iştirok etmagan. Davlat ekspertlaridan biri Taalaybek Abdiqözoyev sudda videolarni kim tayyorlaganini aniqlaşning iloji yöqligini aytdi.