XX asr boshlarida Turkiston chor Rossiyasi va keyinchalik Sovet hukmronligi ostida misli ko‘rilmagan repressiyalarga uchradi. Birinchi jahon urushi mintaqada siyosiy beqarorlikni kuchaytirib, milliy ozodlik harakatlarining uyg‘onishiga sabab bo‘ldi. Natijada qo‘rboshilar siyosiy sahnaga chiqib, qurolli qarshilikning ramziga aylandi. Kun.uz mavzu muhokamasi uchun qo‘rboshilarning kurashi, tashkiliy tuzilmalari, ichki nizolari va xalqaro aloqalari mavzusini muhokama qilish uchun tarixchi olim Feruz Boboyevni suhbatga taklif etdi.

Birinchi jahon urushi dunyo siyosiy hayotiga, jumladan Turkistonga qanday ta’sir qildi?

Feruz Boboyev: Haqiqatan ham, Birinchi jahon urushi jahon siyosiy hayotida katta o‘zgarish va tub burilish bosqichi sifatida qaraladi. Urush natijasida yirik imperiyalar xususan, Avstriya-Vengriya, Rossiya imperiyasi va boshqa mustamlakachi davlatlarda hokimiyat qulashiga olib keldi. Bu jarayon esa ularning tarkibidagi xalqlarda milliy ozodlik harakatlarining kuchayishiga turtki bo‘ldi. Xuddi shunday holat Turkiston o‘lkasiga ham taalluqlidir. Ma’lumki, Turkiston hududi 1865 yildan boshlab Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olingan bo‘lsa-da, aslida bu jarayon 1847 yildan boshlangan desak, to‘g‘riroq bo‘ladi. Bosqinlar natijasida Turkiston xalqlari Rossiya imperiyasining mustamlakasi ostida ijtimoiy-iqtisodiy hayotni davom ettirishga majbur bo‘ldilar.

Shu bois, Rossiya imperiyasining Birinchi jahon urushidan keyin parchalanishi Turkiston xalqlari uchun ham o‘z haq-huquqlari, erkinlik va mustaqillik yo‘lida kurashish g‘oyalarining yanada kuchayishiga sabab bo‘ldi. Albatta, bu g‘oyalar urushdan keyin paydo bo‘lmagan, ular ilgari ham mavjud edi. Biroq imperiyaning zaiflashuvi milliy ozodlik harakatining kuchayishiga muhim turtki bo‘ldi. Bu holat nafaqat Turkistonda, balki Rossiya imperiyasining boshqa hududlarida ham kuzatildi. XX asrning 1920 yillariga kelib, ushbu milliy-ozodlik harakatlari tobora kuchaydi va ko‘plab hududlarda faol shaklda namoyon bo‘ldi. Xulosa qilib aytganda, Birinchi jahon urushi natijasida imperiyalarning parchalanishi mustamlaka xalqlari, jumladan, Turkiston xalqlari orasida milliy uyg‘onish va ozodlik g‘oyalarining kuchayishiga zamin yaratdi.

Qo‘rboshilar harakati qaysi hududlarda boshlandi va bunga arman dashnoqlarining bog‘liqligi nimada?

Feruz Boboyev: Qo‘rboshilar harakati O‘zbekiston tarixida muhim o‘rin egallaydi. U milliy-ozodlik kurashining ajralmas bir bo‘g‘ini bo‘lib, Turkiston muxtoriyatining 1918 yilda qonga botirilganidan keyin yuzaga keldi. Ammo tarixiy sharoitdan qat’i nazar, Rossiya imperiyasining mustamlakachilik siyosatiga qarshi kurash Turkiston xalqlari tomonidan baribir boshlanardi. Turkiston muxtoriyatining qulatilishi bu harakatni tezlashtirdi va ayniqsa Farg‘ona vodiysini qarshilik markaziga aylantirdi. Turkiston muxtoriyatiga qarshi harbiy harakatlar Rossiya ichkarisida oq gvardiyachilarga qarshi kurash ketayotgan murakkab bir davrda boshlandi. Sovet hukumati ichki muammolardan aziyat chekayotganiga qaramay, Turkistonda milliy harakatlarni bostirish uchun katta kuch ajratdi. Orenburg temiryo‘lining tiklanishi natijasida Rossiyadan harbiy kuchlarni olib kelish imkoni paydo bo‘ldi. General Perfilev boshchiligida 11 ta eshelon harbiylar Turkistonga yuborildi. Bu qo‘shinlar muxtoriyatni tugatishda asosiy rol o‘ynadi. Turkiston muxtoriyatining so‘nggi kunlarida mudofaa mas’uliyati Kichik Ergash zimmasiga yuklatildi. U muxtoriyat tugatilgach, qurolli kurashga boshchilik qildi. Afsuski, sovet propagandasi tomonidan u va boshqa yetakchilar «bosmachi» sifatida ko‘rsatildi. Bu fikr hanuzgacha ayrimlar tomonidan takrorlanmoqda. Vaholanki, ularning harakati tarixiy adolat, milliy erkinlik va din, e’tiqodni himoya qilishga qaratilgan edi.