2025 yil 2 mart. Tong. Termiz shahrida ko‘pchilikka tanish bo‘lgan “protsentchi” ayol yo‘qolib qolgani haqidagi gap el oralay boshlaydi. Uni taniganlar borki, bir ko‘ngilsizlikni sezganday bosh chayqab qo‘yishardi. Ha, aslida chindan ko‘ngilsizlik bo‘lgan, ayol yarim tunda uyidan o‘g‘irlab ketilib, Termiz tumani hududida o‘ldirilgan va qumga ko‘mib yuborilgandi. Qotilning kimligi aniq bo‘lganida esa odamlarning hayrati ikki karra oshdi.

Shunday qotilliklar bo‘ladiki, odamlarni jinoyat tafsiloti emas, uni sodir qilgan shaxs ko‘proq hayratga soladi. Chunki qotil hamma gumon qilgan emas, kutilmagan odam bo‘lib chiqadi. 2025 yil mart oyida Termiz tumanida sodir qilingan mudhish qotillik ham ko‘pchilikni shu ma’noda hayrat solgandi: qotilning kimligi oshkor bo‘lganida odamlar, hamkasblari nahotki, deya yoqa ushlab qolishgan.

O‘g‘irlab ketilgan ayol

2025 yil 2 mart. Termiz shahrining Guliston mahallasida yashovchi Sabina Valiyeva (maqoladagi barcha ismlar o‘zgartirilgan) yo‘qolib qolgani ma’lum bo‘ladi. U Termiz tumanidagi “Marvarid” sanatoriysida hamshira bo‘lib ishlar, ishidan tashqari fuqarolarga foizga pul berish, ya’ni sudxo‘rlik bilan shug‘ullanardi.

Yaqin qarindoshlari ayolni izlashga tushishadi. Avvaliga Sabinaning uyiga o‘g‘ri tushgan, degan gumonda bo‘lishadi. Ammo vaziyat bundan ko‘ra jiddiyroq edi. Sabina Valiyeva uyi yonidan o‘g‘irlab ketilgan va Termiz tumani hududidagi qumlikka olib borib, pichoqlab o‘ldirilgan va murdasi o‘sha yerga ko‘mib ketilgandi.

Ko‘p o‘tmay ayolning murdasi o‘sha qumlikdan – ko‘milgan joyidan topiladi. Voqeadan xabar topganlar qotilning kim ekani haqida o‘ylashar, turli taxminlarni ilgari surishardi.

Yo‘qolgan pichoq va qotil xodim

Akmal Murodov Surxondaryo viloyat IIB tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbarlik otryadi 3-ishg‘ol qilish guruhi katta mutaxassisi – sapyor-portlatuvchisi lavozimida ishlardi. U va hamkasbi Elshod Qambarovga Surxondaryo viloyat IIB tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbarlik otryadi ma’muriy binosida bitta yotoqxona biriktirilgandi.

Odatda bitta yotoqxona 4 nafar xodimga mo‘ljallanadi. Biroq otryadda vakant shtatlar mavjudligi sababli 2 kishining joyi bo‘sh edi.

Akmal 2025 yil 1 mart kuni soat 8:00 larda ishga kelib, “razvod”da qatnashadi. U o‘sha kuni navbatchi edi. Biroq tug‘ilgan kuni munosabati bilan unga javob berishadi. Xonaga kirib, kiyimlarini almashtirayotgan Akmal shkafdagi o‘ziga tegishli tashvish qopidan orqa qismi oyna sindirish uchun mo‘ljallangan bolg‘achali pichog‘i yo‘qolib qolganini ko‘radi.