O‘zbekiston | 11:46 / 22.09.2025
3048
2 daqiqa o‘qiladi

Butunjahon tozalik kunida O‘zbekiston 55,7 tonna chiqindidan tozalandi

Respublikaning barcha hududlarida 20 sentabr - World Cleanup Day («Butunjahon Tozalik Kuni») munosabati bilan «Hayot uchun joy ajrating» shiori ostida ommaviy plogging eko-aksiyasi o‘tkazildi.

Foto: Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda uning huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tomonidan o‘tkazilgan xalqaro aksiya davomida hududlar jami 55,7 tonna chiqindidan tozalandi.

Ma’lumot uchun, World Cleanup Day 2018 yildan beri o‘tkaziladi. Unda shu paytga qadar 211 davlatdan 114 mln kishi ishtirok etgan. Har yili dunyo bo‘ylab keng nishonlanadigan ushbu eko-sanada O‘zbekistonda ham soha xodimlari, eko-faollar, yoshlar, jamoatchilik vakillari ishtirokida plogging aksiyalari o‘tkazib kelinmoqda. Bu eko-tadbirlar orqali aholi gavjum hududlarni chiqindilardan tozalash an’anaga aylangan.

Aksiya davomida vazirlik va agentlik mutasaddilari, sektorlar mas’ullari, Toshkent viloyati va shahri boshqarmalari hamda tizim tashkilotlar vakillari, yoshlar, eko-faollar, ommaviy axborot vositalari vakillari Toshkent dengizi sohilidagi belgilangan hududni chiqindilardan tozaladi.

Plogging davomida Toshkent dengizi sohili bo‘yida 962 kg chiqindi yig‘ildi. 200 kg plastik idish qayta ishlash uchun yuborildi. Yakunda O‘rmon xo‘jaligi agentligi jamoasi 1-o‘rinni (223 kg chiqindi), «Yosh ekologlar jamoasi» 2-o‘rinni (175 kg chiqindi) va Toshkent viloyati «Toza hudud» korxonasi jamoasi 3-o‘rinni (155 kg chiqindi) egalladi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda  o‘tgan yili World Cleanup Day xalqaro eko-aksiyasi doirasida hududlar jami 36,5 tonna chiqindidan tozalangan.

Mavzuga oid