Farg‘ona viloyati Furqat tumanidagi Karmak mahallasi uchastka noziri Zafar Qo‘shmatov mast holda mashina boshqarib, YTH sodir qildi: u tumanning Bekobod mahallasi hududida velosipedda ketayotgan 63 yoshli fuqaroni urib yuborib, voqea joyidan qochib ketgan. Voqeadan xabar topgan uchastka nozirining otasi dala chetidagi ariqda yotgan fuqaroni shifoxonaga olib borib, uni ko‘chadan hushsiz topib olganini aytgan. Jabrlanuvchi tez tibbiy yordam bo‘limiga olib kelinganida jonsiz bo‘lgan.
Furqat tumanida inson o‘limi bilan bog‘liq YTH sodir bo‘ldi. Ma’lum bo‘lishicha, Karmak mahallasi uchastka noziri Zafar Qo‘shmatov mast holda mashina boshqarib, 63 yoshli No‘monjon Ahmedovni urib yuborgan. Otaxon og‘ir tan jarohati olib, vafot etgan. Marhumlar yaqinlari Kun.uz muxbiriga voqea tafsilotini gapirib berdi.
“Birinchi yordam ko‘rsatmay qochib ketgan”
“Otam No‘monjon Ahmedov 63 yoshda edi. Paxta qabul qilish punktida 42 yildan beri ishlardi. 16 sentabr uyda birga kechki ovqat yedik. Taxminan soat 19:15 larda otam velosipedini minib ishiga chiqib ketdi.

Ketayotganda qo‘shni mahallada uchastka noziri bo‘lib ishlovchi Zafar Qo‘shmatov Matiz mashinasida mast holatda otamning orqasidan kelib urgan. Eng alam qilgani birinchi yordam ko‘rsatmay qochib ketgan. Ichib olib mashina boshqargani haqida barcha dalillar bor. Buni o‘zi ham tan oldi.



Uchastka noziri uyiga borib, otasiga bo‘lgan voqeani gapirib bergan. Bir soatdan keyin otasi akasi bilan birga otamni o‘sha joydan olib, shoshilinch tez tibbiy yordamga olib borishgan va bu odamni yo‘ldan behush yotganda topib oldik, deb shifokorlarni bunga ishontirgan.
















