2025 yilning yanvar-avgust oylarida Raqobatni rivojlantiriş va iste’molçilar huquqlarini himoya qiliş qömitasiga köp qavatli uy-joylar qurilişi va xaridlari böyiça 1000 ga yaqin murojaat kelib tuşdi, deya xabar berdi qömita matbuot xizmati.

Murojaatlarda asosan quriliş taşkilotlari bilan tuzilgan şartnoma şartlarining buzilişi — yangi uy-joylarni öz vaqtida topşirmaslik, şartnomada belgilangan talablarni bajarmaslik, reklama va e’lonlarda körsatilgan loyihalarga amal qilmaslik kabi holatlar bayon etilgan. Şuningdek, murojaatlarni örganiş jarayonida ayrim quriliş korxonalari şartnomalarga qonunçilikka zid bandlar kiritayotgani ham aniqlangan.

Xususan, şartnoma şartlarida «agar iste’molçi öz taşabbusi bilan şartnomani bekor qilsa, quriliş taşkiloti iste’molçi tomonidan tölangan mablağning yoki şartnoma qiymatining 10 foizi miqdoridagi summani jarima sifatida uşlab qoliş huquqiga ega» deb belgilangan holatlar köplab kuzatilgan. Amalda esa bunday talablar qonun normalariga zid hisoblanadi.

Fuqarolik kodeksining 385-moddasida şartnoma bekor qilinganda faqat ikkinçi tarafga aniq zarar yetkazilgan taqdirdagina uni qoplaş mumkinligi belgilangan.

14-moddada «zarar» tuşunçasi haqiqiy zarar va boy berilgan foyda sifatida körsatilgan bölib, amalda iste’molçi şartnomani bekor qilganda quriliş taşkilotiga zarar yetmaydi. Çunki köp qavatli uylar tipik loyiha asosida quriladi va quriliş taşkilotlari bunday obektlarni osonlikça boşqa xaridorga sotişi mumkin. Bundan taşqari, uylarga talab yuqori va narxlar yildan yilga ortib borayotgani quriliş taşkilotlari köp hollarda foyda körişini ta’minlaydi.

Kodeksning 260-moddasida ham «neustoyka» (jarima, penya) qarzdor öz majburiyatini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan hollardagina qöllanişi mumkinligi belgilangan. Aksariyat hollarda esa iste’molçi öz tölov majburiyatlarini öz vaqtida bajarib böladi, quriliş taşkiloti esa uyni topşirmagunga qadar qarzdor maqomida qoladi. Şu bois, iste’molçining taşabbusi bilan şartnoma bekor qilinganda undan jarima undiriş qonunga zid hisoblanadi, deyiladi qömita axborotida.

Bu holat «Iste’molçilar huquqlarini himoya qiliş töğrisida»gi qonunning 21-moddasiga köra, iste’molçi huquqlarini çeklovçi va qonunga zid bölgan şartlar haqiqiy emas deb hisoblanadi, 23-moddasida esa iste’molçining huquqi kafolatlangan.

Şuningdek, «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari töğrisida»gi qonunning 9-moddasida tadbirkorlik sub’yektlari raqobat va iste’molçilar huquqlari töğrisidagi qonunçilikka amal qilişi şartligi belgilangan.