Samarqand avtomobil zavodidagi ulushlarning nazorat paketi Turkiyaning Anadolu Isuzu kompaniyasiga sotildi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabariga ko‘ra, kompaniyaning 75,2 foiz ulushi uchun xaridor davlatga 80 mln dollar to‘laydi va yana 80 mln dollar investitsiya kiritadi.
Qo‘shma korxonaning Yaponiyadagi ishtirokchilari – Itochu Corp va Isuzu Motors (har ikkisi 12,4 foizdan ulushga ega) davlat ulushining Anadolu Isuzu'ga sotilishini qo‘llab-quvvatlagan.
Ushbu xususiylashtirish bo‘yicha Turkiya kompaniyasi bilan 2024 yil iyun oyida anglashuv memorandumi imzolangan edi. Hozirga kelib, yakuniy kelishuvni O‘zbekiston hukumatining xususiylashtirish bo‘yicha komissiyasi ma’qullagan. Bitim Turkiya regulyatori ruxsat berganidan keyin yakunlanadi.
Davaktiv xabarida aytilishicha, xaridorning 80 mln dollarlik investitsiya majburiyati doirasida O‘zbekistonda katta sig‘imli (12–18 metrli) avtobuslar va elektrobuslar ishlab chiqarish, mamlakat bo‘ylab litsenziyalangan servis markazlarini tashkil etish hamda avtobuslarni Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz, Yaqin Sharq va Afrikaga eksport qilish ko‘zda tutilgan.
“Investorning narx taklifi moliyaviy konsultant KPMG tomonidan SamAuto'dagi davlat ulushini sotish mumkin bo‘lgan narxlar oralig‘ida joylashgan va xalqaro mustaqil baholovchi “PwC” xalqaro kompaniyasi tomonidan aniqlangan qiymatga muvofiq”, – deyiladi rasmiy relizda.
Jarayonda yuridik konsultant sifatida Dentons qatnashgan.
SamAuto haqida
Samarqand avtomobil zavodi 1996 yilda “AvtoVAZagregat” zavodi negizida, Turkiyaning Coç Holding kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan. Zavodning dastlabki nomi “SamKochAvto” bo‘lgan va unda UzOtoyol brendi ostida avtobuslar ishlab chiqarilgan.
Bugungi kunda zavod Isuzu brendi ostida yuk mashinalari va avtobuslar, shuningdek, Isuzu D-Max pikaplarini ishlab chiqaradi.
“O‘zavtosanoat” ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yilning yanvar-avgust oylarida Samarqand avtomobil zavodida 309 ta avtomobil ishlab chiqarilgan.







