Yig‘ilishdan oldin ommaviy axborot vositalari va birinchi navbatda generallarning o‘zlari nima uchun Pentagon zudlik bilan yuzlab amerikalik generallar va admirallarni to‘plashga qaror qilgani yuzasidan taxminlarini bildirishgandi.

Yuqori martabali harbiylarga shoshilinch ravishda yig‘ilishga kelish buyurilgan, u yerda nima haqida gap borishi tushuntirilmagandi. Bu esa ularda xavotir va hatto vahima uyg‘otgan.

Donald Tramp Kuantikoda bo‘lib o‘tadigan uchrashuvda ishtirok etishini 28 sentabr kuni tasdiqladi. NBC News telekanaliga bergan intervyusida u bo‘lajak voqeani «harbiy jihatdan qanday ishlayotganimiz, qanday qilib a’lo formada bo‘lish va boshqa ko‘plab ijobiy narsalar haqida suhbatlar bilan juda yoqimli uchrashuv» deb atadi.

AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens Hegset va uning generallari uchun yuzma-yuz uchrashishda «hech qanday g‘ayrioddiy narsa yo‘qligi»ni ta’kidlab, Kuantikodagi yig‘ilishning o‘ziga xosligi va ahamiyatini kamaytirishga harakat qildi.

NATO harbiy qo‘mitasi raisi, italiyalik general Juzeppe Kavo Dragone o‘zining 49 yillik xizmati davomida hech qachon bunday narsani ko‘rmaganini ta’kidladi, deb yozadi Associated Press.

Kun tartibisiz uchrashuv va matbuotdagi nazariyalar

Favqulodda uchrashuv haqida birinchi bo‘lib Washington Post 25 sentabr kuni xabar berdi. Gazeta ma’lumotlariga ko‘ra, Hegset 800 ga yaqin kishini, jumladan, harbiy mojarolar hududida xizmat qilayotgan generallarni ham chaqirgan.

WP suhbatdoshlarining hech biri AQSh mudofaa vaziri bir joyda shuncha qo‘mondonlarni to‘plagan bunday vaziyatlarni eslay olmadi. Ba’zilar esa xavfsizlik borasida xavotir bildirishdi.

Gazeta manbalari Hegset xorijda, ayniqsa Osiyo-Tinch okeani mintaqasida xizmat qilayotgan qo‘mondonlarni ham chaqirganidan hayratda qolishgan. «Bu g‘alati», – dedi WP suhbatdoshlaridan biri strategik jihatdan muhim mintaqa amalda harbiy qo‘mondonliksiz qolishini ta’kidlab.

Pit Hegset Kuantikoda yuqori martabali harbiylar bilan uchrashuvga kelmoqda
JIM WATSON/AFP via Getty Images

Biroz vaqt o‘tgach Reuters agentligi ikki manbaga tayanib, uchrashuv mavzusi armiyaning «jangovar ruhi» bo‘lishi mumkinligini ma’lum qildi. O‘z navbatida, NBC o‘z manbasiga tayanib, yig‘ilishdan maqsad Pentagonning yutuqlarini qayd etish va Hegset boshchiligidagi vazirlikning kelajagini muhokama qilish ekanini xabar qildi. Odatda bunday narsalar qo‘mondonlikka memorandumlar yoki xavfsiz aloqa kanallari orqali videokonferensiya orqali xabar qilinadi.