«Rossiyskaya gazeta»da O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Qudratilla Rafiqovning Toshkentda qurib bitkazilgan Islom sivilizatsiyasi markazi va mafkuraviy siyosat haqidagi “Alamim bor” sarlavhali maqolasi chop etildi. Quyida ushbu maqolaning o‘zbek tilidagi asli keltirib o‘tiladi.

Islom sivilizatsiyasi markaziga topshirilgan kisva bo‘lagi

Alamim bor...

Albatta, maqolaga qo‘yilgan ushbu sarlavha umumiy mazmunga qandaydir tushkun ruh berayotgandek tuyulishi mumkin. Ammo unda aslo malomat yo‘q. O‘tmishni qoralash, o‘tganlardan gina-kudurat qilish niyatidan yiroqmiz. Qolaversa, bugungi yorug‘ kunlarimiz, erishayotgan yutuqlarimiz qiymatini akslantirish uchun uning ziddi – tarixning qorong‘i go‘shalaridan ulgi izlashga hojat ham yo‘q. Shu o‘rinda savol tug‘ilishi tabiiy: hammasi rasamadidagidek ekan, unda alam nega?

1

«Afsonalar o‘z-o‘zlaricha yashamaydilar. Ular o‘zlariga bizning hayot va qon ato qilishimizni kutishadi. ­Dunyoda hech bo‘lmasa, bir odam ularning chaqirig‘iga javob bersa bas, afsonalar bizni bitmas-tuganmas obihayot bilan sug‘orishga shay. Bizning vazifamiz – ularni unutmaslik. Shunday qilishimiz kerakki, hech bir afsona o‘lim uyqusiga tolmasin», degan edi Alber Kamyu bir zamonlar.

O‘kinchning boisi, garchi aynan bo‘lmasa-da, farang adibi aytayotgan fikrga juda yaqin. Zotan, biz ham uzoq yillar afsonaviy tariximiz, madaniyatimiz, ajdodlarimiz kimu, bu dunyoda joyimiz qayerda bo‘lganini unutdik. Dunyoning cheti, uchinchi darajali bir davlat, xalq deb qarashlariga ko‘nikdik. Va eng alamlisi, zamonaviy dunyo sahnidagi madaniy va tarixiy o‘rnimiz qumga sing­gan suvday «yo‘qolib» qoldi... «O‘zbek», «O‘zbekis­ton» so‘zlari haqiqiy mazmunidan chekinib, dunyo xaritasida qaysidir makonni topishda murojaat qilinadigan jug‘rofiy nuqta darajasiga tushdi. Mamlakatimiz nomidagi ot yasovchi «iston» qo‘shimchasi bosh­qa turdosh «iston»lar aro adashib, jo‘rttaga, ba’zan esa mutoyiba tarzida zikr etiladigan bo‘ldi...

Mushohadamizga jiddiy tus beradigan bo‘lsak, xorijlik mashhur bir siyosatshunosning taassuf bilan aytgan ushbu gapi ayni o‘ringa mos tushadi: «...