Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon mamlakat poytaxtini Tehrondan janubga ko‘chirishdan boshqa chorasi qolmaganini bildirdi. Sabab – shaharning haddan tashqari kengayishi, yetarli suv ta’minotining yo‘qligi va tobora kuchayib borayotgan yer cho‘kishi tahdidi.

2 oktabr kuni Fors ko‘rfazi bo‘yidagi Hormozgon viloyatiga tashrif buyurgan Mas’ud Pizishkiyon siyosatshunos olimlar va ekologlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uning aytishicha, poytaxtni ko‘chirish taklifi o‘tgan yili oliy diniy rahbar Oyatulloh Ali Xomanaiy bilan muhokama qilingan. Taklif qattiq tanqidlarga uchragan bo‘lsa-da, prezident resurslar inqirozi shunchalik chuqurlashgani sababli Eron poytaxtni ko‘chirishga majbur ekanini bildirdi.

Foto: Eron prezidenti matbuot xizmati

«Bu hudud Fors ko‘rfazi qirg‘oqlarida joylashgan va ochiq suv yo‘llariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkonini beradi. Savdo va iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish uchun ulkan salohiyat bor. Agar bu imkoniyatlarga boshqacha qarasak, juda farovon va ilg‘or hudud yaratishimiz mumkin. Mavjud vaziyat bilan kifoyalanib, kelajak uchun ilmiy, aniq va milliy xarita tuzmaslik — bu noto‘g‘ri yo‘ldir», deya Mas’ud Pizishkiyonning so‘zlarini keltirmoqda The Guardian nashri.

Pizishkiyon yig‘ilish o‘tkazgan Eronning janubidagi Hormozgon viloyati xaritada. Tehrondan taxminan ming kilometr janubda – Fors ko‘rfazi bo‘yida joylashgan.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Eronni hozir qiynayotgan muammolar rivojlanish yo‘lini Fors ko‘rfaziga burishni talab qilmoqda. Lekin qaysi shahar yangi poytaxt bo‘lishi hozircha ma’lum emas.

«Tehron, Karaj va Qazvin suv inqiroziga yuz tutmoqda va bu muammoni oddiy yo‘l bilan hal qilib bo‘lmaydi. Tehron bugun 10 milliondan ortiq aholiga ega va butun Eron suv ta’minotining qariyb 25 foizini iste’mol qiladi», dedi u

Aslida Mas’uddan avvalgi prezidentlar ham poytaxtni ko‘chirish masalasini ko‘targan edi. Masalan, Hasan Ruhoniy hatto bir nechta variantlarni o‘z ichiga olgan rejani ishlab chiqqan.