O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Tramp: Hamas tinchlikka tayyor

AQSh prezident Donald Tramp 3 oktyabr kuni Isroildan G‘azoni bombardimon qilishni zudlik bilan to‘xtatishni talab qildi. Sabab — Hamas asirlarni ozod qilish va urushni tugatish bo‘yicha AQSh rejasi doirasidagi ayrim shartlarni qabul qildi. Tramp Hamasning «doimiy tinchlikka tayyor» ekanini ko‘rsatganiga ishongani va endi mas’uliyat Netanyahu hukumati zimmasida ekanini aytdi.

«Isroil G‘azoni bombardimon qilishni zudlik bilan to‘xtatishi kerak, shunda biz garovdagilarni tez va xavfsiz olib chiqa olamiz!» — deb yozdi Tramp o‘zining sahifasida. «Biz allaqachon tafsilotlarni muhokama qilyapmiz. Bu faqat G‘azo haqida emas, bu Yaqin Sharqda uzoq kutilgan tinchlik haqida», dedi u.

Hamas javobida guruh G‘azoni qurolsizlantirish va demilitarizatsiyaga rozi bo‘lishini aytmadi — bu Isroil va AQSh talab qilayotgan, lekin Hamas ilgari ham rad etgan shart. Shuningdek, Hamas Isroilning to‘liq va darhol chiqib ketishini talab qilmoqda.

Tramp rejasi yuzasidan Hamas o‘z javobida «almashinuv formulasiga binoan barcha okkupatsiya asirlarini — tirik yoki jasadlarini — zaruriy sharoitlar bilan ozod qilishga roziligini» e’lon qildi. Shuningdek, Hamas muzokaralarga zudlik bilan kirishishga tayyorligini qo‘shimcha qildi.

Guruh «G‘azo sektorini falastinlik mustaqil shaxslardan iborat, falastinlik milliy konsensusga asoslangan ma’muriyatga topshirishga tayyorligini» bildirdi.

Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu idorasi esa Isroil «urushni tugatishda prezident va uning jamoasi bilan to‘liq hamkorlikni davom ettiradi, bu Isroil belgilab qo‘ygan tamoyillarga muvofiq bo‘lib, prezident Tramp qarashlari bilan uyg‘un» ekanini bildirdi. Shunga qaramay, mahalliy aholi Trampning talabidan keyin ham isroillik tanklar G‘azo shahri markazidagi Talateni ko‘chasini o‘qqa tutganini aytdi. Isroil harbiy samolyotlari esa G‘azo shahrida zarbalarni kuchaytirib, bir nechta uylarga hujum qilgan.

Isroil 2023 yil oktyabrda boshlagan urush oqibatida G‘azo sog‘liqni saqlash idoralariga ko‘ra, 66 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Hujumlar butun hududni vayron qilgan, BMTning Tergov komissiyasi Isroil G‘azoda genotsid sodir etayotganini tasdiqlagan.