Jahon | 23:33 / 04.10.2025
3278
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp «HAMAS»dan garovga olinganlarni tezroq ozod etishni talab qildi

Oq uy rahbari aks holda «barcha takliflar bekor qilinishini» aytdi.

Foto: REUTERS/Mahmoud Issa

AQSh prezidenti Donald Tramp Falastinning HAMAS harakatini garovga olingan barcha isroilliklarni tezda ozod qilishga chaqirdi, aks holda «barcha takliflar bekor qilinadi».

«Men ko‘pchilik ehtimoliy deb hisoblagan kechikishlarga yoki G‘azo uchun yana xavf tug‘diradigan har qanday natijaga toqat qilmayman», deb yozdi davlat rahbari Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.

Donald Tramp garovga olinganlarni ozod qilish uchun Isroilning jangovar harakatlarni to‘xtatish qarorini qadrlashini qo‘shimcha qildi: «Keling, buni tezroq tugataylik. Hammaga adolatli munosabatda bo‘lamiz».

AQSh G‘azo sektoridagi mojaroni hal qilish bo‘yicha 20 banddan iborat rejani taklif qildi. U barcha garovga olinganlarni ozod qilish, HAMAS harakatining taslim bo‘lishi, G‘azo sektoriga insonparvarlik yordamiga ruxsat berish va eksklavni vaqtinchalik ma’muriyat nazoratiga o‘tkazishni o‘z ichiga oladi. Isroilning N12 telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, tomonlar muzokaralarni 5 oktyabr kuni Misrda boshlaydi.

Mavzuga oid