Rossiya qo‘shini 5 oktyabrga o‘tar kechasi Ukraina bo‘ylab navbatdagi marta yopirilma hujumini amalga oshirdi. Mamlakat prezidenti Volodimir Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, RF armiyasi 50 dan ortiq raketa va 500 ga yaqin drondan foydalangan. Jami to‘qqiz oblast – Lviv, Ivano-Frankovsk, Zaporijjya, Chernihiv, Sumi, Xarkiv, Xerson, Odessa va Kirovograd zarbalar ostida qolgan.
«Bugun rossiyaliklar yana bizning infratuzilmamizga, odamlar uchun normal hayotni ta’minlaydigan hamma narsaga zarba berishdi. Bu havo terrorini ma’nosiz qilish uchun ko‘proq himoya, barcha mudofaa kelishuvlarini, ayniqsa havo hujumidan mudofaa bo‘yicha kelishuvlarni tezroq amalga oshirish kerak. Osmondagi bir tomonlama o‘t ochishni to‘xtatish imkon doirasidagi ish va aynan u haqiqiy diplomatiyaga yo‘l ochishi mumkin. Amerika va Yevropa Putinni to‘xtatish uchun harakat qilishi kerak», – deya yozgan Ukraina prezidenti.
Lviv oblastida Rossiya hujumi oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lib, yana to‘rt kishi yaralangan, deyiladi Ukraina favqulodda vaziyatlar davlat xizmati xabarida. Lviv oblasti prokuraturasi aniqlik kiritishicha, Lviv shahri yaqinidagi Lapayevka qishlog‘i o‘qqa tutilishi oqibatida turar joy binosi vayron bo‘lib, unda yashovchi oila a’zolari, jumladan, 15 yoshli qiz ham halok bo‘lgan. Oilaning yana bir a’zosi hamda qo‘shni uylarda yashovchi ikki kishi turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan. Lviv shahri va oblastning boshqa hududlarida ham sanoat va energetika obektlariga zarba berilishi holatlari kuzatilgan, gaz omborlaridan birida yong‘in chiqqan.

Roman Baluk / Reuters / Scanpix / LETA

Reuters / Scanpix / LETA

AFP / Scanpix / LETA
Zaporijjya oblasti ma’muriyati rahbari Ivan Fedorov Rossiya armiyasi hududning shu nomli markaziga dronlar va boshqariluvchi aviabombalar bilan hujum qilgani haqida ma’lumot bergan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 69 yoshli ayol halok bo‘lib, yana 10 kishi jarohatlangan. Shahar hududida sakkizta ko‘p qavatli uylar hamda yettita xususiy uy, shuningdek, Zaporijjya rayonida ham bir uy zararlangan.










