Ötgan kun davomida jahonda röy bergan eng asosiy voqea va yangiliklar şarhi bilan kundalik xabarnomada taniştiramiz.

Trampning «tarixiy sammiti» va noaniq kelajak

13 oktyabr kuni AQŞ vositaçiligida tuzilgan rejaning birinçi, hal qiluvçi bosqiçiga köra, Hamas 20 nafar tirik isroillik garovdagini ozod qildi. Şu bilan birga Isroil 1 700 nafar ayblovsiz hibsda saqlangan falastinlikni hamda 250 nafar umrbod qamalgan mahbusni qöyib yubordi. Ulardan qariyb 100 nafari Ğarbiy sohilga qaytarildi, 154 kişi Misrga deportatsiya qilindi, oz qismi esa Şarqiy Quddusga jönatildi.

Ramalloh va Xon Yunusda ozod etilgan falastinliklarni minglab odamlar bayroqlar bilan kutib oldi. Hamas hozirça faqat tört nafar halok bölgan garovdagining jasadini qaytarişini ma’lum qildi, çunki barça qabr joylarini aniqlaş vaqt talab etadi. Isroil armiyasi esa jasadlarning şaxsini sud-tibbiy tekşiruv orqali tasdiqlamoqda.

Duşanba kuni amalga oşgan almaşinuv ortidan AQŞ prezidenti Donald Tramp Isroilga yetib keldi va Knessetda tarixiy nutq sözladi. «Osmon tinç, qurollar jim, sirenalar töxtagan — muqaddas yerda nihoyat tinçlik quyoşi porlayapti», dedi Tramp parlament a’zolari oldida. Uning nutqi zalda olqişlar bilan kutib olindi, bir deputat esa «Falastinni tan oling» degan yozuvni kötargani uçun zaldan çiqarib yuborildi.

Şundan söng Tramp Misrning Şarm aş-Şayx şahrida ötgan sammitda iştirok etdi. U yerda AQŞ, Misr, Qatar va Turkiya rahbarlari ikki yillik uruşga çek qöyiş haqida deklaratsiya imzoladi. Tramp hujjatni «tarixiy buriliş» deb atadi, ammo na Isroil va na Hamas yiğilişda qatnaşdi.

New York Times'ning yozişiça, «keng qamrovli» deb ta’riflangan bu hujjatning asl mazmuni oçiqlanmagan. Tramp uni imzolaş oldidan «juda köp qoidalar va mexanizmlarni öz içiga olgan mukammal hujjat» deb ta’rifladi, ammo aniq tafsilotlar keltirmadi. Misr prezidenti idorasi tarqatgan bayonotga köra, «kelişuvning keyingi bosqiçlarida Ğazoni boşqariş, xavfsizlikni ta’minlaş va qayta quriş» masalalari böyiça maslahatlaşuvlar boşlanadi.

Trampning 20 banddan iborat tinçlik rejasiga köra, Ğazo avval vaqtinçalik falastinlik texnokratlar qömitasi tomonidan boşqariladi va bu qömita «Tinçlik kengaşi» nazoratida işlaydi. Keyinçalik hokimiyat isloh qilinganidan söng Falastin ma’muriyatiga topşiriladi.