Unda Saudiya Arabistonidan tashrif buyurgan yirik investor – ACWA Power kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan ham so‘zga chiqib, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida o‘z fikrlarini bildirdi. Quyida uning nutqi keltiriladi:

Hurmatli Prezident Janobi Oliylari, muhtaram Saudiya Arabistoni investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih janoblari, aziz hamkorlar va qadrli mehmonlar! Avvalo, barchangizga tinchlik, baraka va salomlar bo‘lsin!

Sizlar so‘nggi sakkiz yilda yaqin hamkorlikda amalga oshirgan ishlarni boshqa mamlakatlar asrlar davomida ham bajara olmasligini bugun faqat bu yerda to‘plangan ishtirokchilarga emas, balki butun dunyoga  namoyon etdingiz.

Chindan ham, bunday ulkan natijalarga dunyodagi birorta yetakchi shunday qisqa muddatda erishmog‘i juda qiyin.

Prezident Janobi Oliylari, men avval ham ta’kidlab aytganman: bu darajada katta o‘zgarishlarni amalga oshirgan yetakchilarning ikki nafarini bilaman. Birinchisi – Siz, Janobi Oliylari, ikkinchisi esa – Saudiya valiahdi, Bosh vazir Muhammad bin Salmon Hazrati Oliylaridir.

O‘zbekistonda biz ko‘rgan va guvohi bo‘lgan barcha yutuqlar Sizning o‘z ishingizga bo‘lgan buyuk ishonch-e’tiqodingiz va fidokorona mehnatingiz samarasidir. Siz bu ishlarni xalqingiz va Vataningizga bo‘lgan cheksiz mehr-muhabbatingiz tufayli amalga oshirmoqdasiz. 

Men dunyoning 24 ta davlati rahbarlari bilan muloqotda bo‘ldim. Lekin o‘z xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim. Shuning uchun ham el-yurtingiz Sizni yaxshi ko‘rib, boshiga ko‘tarmoqda.

Men Siz bilan yigirma marta uchrashish baxtiga muyassar bo‘lganman. Har bir uchrashuvdan oldin nutq tayyorlab, nimalarni aytish kerakligini obdan o‘ylab olaman. Ammo har gal Sizning fikringiz, azmu shijoatingiz va amaliy ishlaringiz biznikidan ustun keladi. Siz doimo jadal harakat qilasiz, sidqidildan ishlaysiz va albatta natijaga erishasiz.

Siz mahalliy va xorijiy investorlarga katta e’tibor qaratdingiz. Ular uchun teng imkoniyatlar yaratib berdingiz. Siz O‘zbekistonni har bir kompaniya va davlat uchun eng yaxshi investitsiya makoniga aylantirdingiz.

Siz boshqaruv va shaffoflik asosida o‘tmishdan qolgan og‘ir merosni ortda qoldirdingiz va yangi tarix yaratdingiz.

Men 15 ta mamlakatda investitsiya loyihasini amalga oshirganman va 30 dan ziyod davlatda bo‘lganman. Qayerga borsam ham “Yangi O‘zbekiston” haqida eshitaman. Bu Yangi O‘zbekiston – Sizning el-yurtingizga sadoqatingiz va tinimsiz mehnatingiz mahsuli.