Gurjiston Ichki ishlar vazirligi Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) raisi, Finlandiya tashqi ishlar vaziri Elina Valtonenni 5000 lari (taxminan 1580 yevro) miqdorida jarimaga tortdi. Bu haqda 16 oktyabr, payshanba kuni Gurjistonning Birinchi kanali mamlakat Ichki ishlar vazirligiga tayanib xabar berdi. Siyosatchi «Rustaveli prospektida [yo‘lni] noqonuniy ravishda to‘sib qo‘ygani uchun» jarimaga tortildi», — deyiladi bayonotda.
Valtonen 14 oktyabr kuni Gurjiston parlamenti oldidagi norozilik namoyishida qatnashdi. U yerda u «mamlakatidagi repressiv yo‘ldan xavotirda bo‘lgan» namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlagan videomurojaatni yozdi va ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qildi. «Ular demokratiya, so‘z erkinligi va asosiy inson huquqlariga to‘la haqli. Biz ularni qo‘llab-quvvatlash uchun shu yerdamiz», — deya ta’kidladi YeXHT raisi.
Jarima chiqarishdan avval Gurjiston Tashqi ishlar vazirligi YeXHT kotibiyatiga norozilik notasi yuborgan. Unda aytilishicha, Valtonen o‘zining rasmiy tashrifi dasturidan chetga chiqib, kichik faollar guruhiga qo‘shilgan va «haqiqatni aks ettirmagan» ochiq bayonot bilan chiqqan. Gurjiston Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, YeXHT raisi shu orqali «xalqaro hamjamiyatni Gurjistondagi vaziyat yuzasidan chalg‘itmoqchi bo‘lgan», deb xabar bermoqda mahalliy Birinchi kanal.







