Ötgan kun davomida jahonda röy bergan eng asosiy voqea va yangiliklar şarhi bilan kundalik xabarnomada taniştiramiz.
Ğazoda sulh mojarosi
19 oktyabr kuni Isroil armiyasi sulhni buzib, yana Ğazodagi Rafah şahriga zarbalar berdi. Mahalliy OAVlarga köra, hujum Hamas a’zolarining Rafahda isroillik harbiylarga hujumiga javoban amalga oşirilgan.
Öz navbatida, Hamas vakillari tinçlik kelişuvlariga sodiq ekanini ta’kidlamoqda. Şu bilan birga, Rafahdagi hujumning nişoni isroillik harbiylar emas, balki Hamasga qarşi bölgan mahalliy militsiya yetakçisi ekani haqida xabarlar tarqalmoqda.
Isroil armiyasi ma’lum qilişiça, Hamas tankka qarşi raketa uçirgaç va askarlarga öt oçgaç, butun sektor böylab joylaşgan guruhning nişonlariga — dala qömondonlari, jangçilar, tunnel va qurol omborlariga zarba berilgan.
Hamasning harbiy qanoti esa öt oçişni töxtatiş şartnomasiga sodiq qolayotganini, Rafahda yuz bergan töqnaşuvlardan bexabar ekanini va mart oyidan beri u yerdagi guruhlar bilan aloqa qilmaganini bildirdi.
Mahalliy manbalar va tibbiyot rasmiylariga köra, hujumlarda kamida 26 kişi, jumladan, bir ayol va bir bola halok bölgan. Nuseyrat hududida köçirilgan fuqarolar joylaşgan sobiq maktab ham urilgan.
Şundan söng, AQŞning bosimi bilan Isroil armiyasi yakşanba kuni Ğazoda öt oçişni töxtatiş rejimi qayta kuçga kirganini ma’lum qildi. AQŞ prezidenti Donald Tramp özi vositaçilik qilgan sulh kuçda qolayotganini aytdi. Uning sözlariga köra, buzilişlarga «Hamas rahbariyati aralaşmagan bölişi mumkin».
«Ehtimol, rahbariyat bunga aloqador emasdir», - dedi u Air Force One bortida jurnalistlarga. «Qanday bölmasin, bu masala qattiq, ammo adolatli tarzda hal qilinadi».
AQŞ vitse-prezidenti J.D.Vens sözlariga köra, Hamasni töliq qurolsizlantiriş uçun «ba’zi Fors körfazi arab davlatlari joylarga kirib, tartib va xavfsizlikni ta’minlaşi» talab etiladi.
Isroil xavfsizlik manbasi AQŞ bosimi ostida Ğazoga humanitar yordam duşanbadan qayta kirişi rejalaştirilganini bildirdi.
Ğazoda «barqaror tinçlik» töğrisidagi bitim 13 oktyabr kuni imzolangandi. Isroil sektorni öqqa tutişni töxtatdi, Hamas esa öz qölidagi barça isroilliklarni qöyib yubordi hamda halok bölganlarning jasadlarini topşirişni boşladi. Öşandan beri tomonlar bir-birini kelişuv şartlarini yetarli darajada bajarmaganlikda bir neça bor ayblagan.











