Chorshanba kuni kechqurun Irlandiya poytaxti Dublin shahrida boshpana so‘rab murojaat qilgan xorijliklar yashovchi mehmonxona oldida davom etayotgan tartibsizliklar doirasida ikki politsiyachi jarohat olib, 20 dan ortiq kishi hibsga olindi. Namoyishlarga bir erkak shu mehmonxona yaqinida 10 yoshli qizga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qilishda ayblangani sabab bo‘lgan.

Nimalar bo‘lmoqda?
Boshpana so‘rab kelganlar yashaydigan Citywest mehmonxonasi yonida chorshanba kuni kechqurun asosan o‘smirlar va yoshlardan iborat namoyishchilar to‘plandi, deb xabar bermoqda RTE Irlandiya politsiyasiga (Garda) tayanib.
Ular politsiyachilarga shishalar va mushakbozlik otishgan, keyin esa yo‘l va tramvay bekatidagi tosh devorlarni buzib, toshlarni uloqtira boshlashgan.
Politsiya namoyishchilar ko‘payishiga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilgan. Oqibatda ikki xodim jarohatlangan: birining yelkasi shikastlangan, ikkinchisining boshiga shisha tekkan.

Politsiyachilar suv purkagich (vodomyot) qo‘llashga tayyor edi, ammo bunga hojat qolmagan.
23 kishi qo‘lga olingan. Yaqin kunlarda ularga nisbatan jamoat tartibini buzish bo‘yicha ayblov e’lon qilinishi kutilmoqda.
Bu Dublindagi tartibsizliklar ikkinchi kun davom etishi. RTE ma’lumotlariga ko‘ra, seshanba kuni Citywest mehmonxonasi yaqinida 2 ming kishi tinch namoyishga to‘plangan, biroq tez orada niqob taqqan odamlar shishalar va toshlar uloqtira boshlagan va politsiya mashinasiga o‘t qo‘ygan.

Birinchi kuni olti kishi hibsga olingan, bir politsiyachi oyog‘idan jarohatlangan.
Tartibsizlik ikki yarim soatga yaqin vaqt davom etgan, shundan keyin yig‘ilganlar tarqala boshlagan.







