Nega bu haqda gapiryapmiz?

Islomiy moliya – o‘ziga xos moliya. U faqatgina qat’iy mezon, qoida va talablarga rioya qilinganda haqiqiy islomiy moliya bo‘ladi.

“Islomiy moliya” deb e’lon qilib, uning qat’iy tamoyillarga xilof ish tutilsa, maqsad buziladi, samarasi havoga uchadi.

Shu bois islomiy banklar va darchalar faoliyati kim tomonidan va qanday nazorat qilinishi mavzusini bilishimiz – dolzarb.

Islomiy moliya instrumentlari iste’molchisi – qadriyatlari bilan farqlanib turadigan iste’molchi. Uning uchun iqtisodiy faoliyatdan “qancha” daromad topishdan ko‘ra, “qanday” daromad topish masalasi ustunroq. Shu sabab Islom moliyasi doirasida olib boriladigan faoliyat ustidan kim va qanday nazorat qilishi masalasi alohida ahamiyat kasb etadi.

Shariat kengashi

Islom moliyasi institutining asosiy ustunlaridan biri – “Shariat kengashi” va “Markaziy Shariat kengashi” degan instrumentlar. Bu kengashlar nima va ularning vazifasi nimadan iborat? Bu masalada qisqa va lo‘nda tasavvurga ega bo‘lish moliyaviy qarorlarni ongli qabul qilishga yordam beradi.

Islomiy moliyada ishonch – hal qiluvchi omil. Ishonchga putur yetmasligi uchun bank yoki moliyaviy tashkilot mahsulotlari va xizmatlari, shuningdek, shartnomalarining Shariat qoidalariga mosligi Shariat kengashi tomonidan baholanadi, fatvo/qaror bilan tasdiqlanadi va muntazam nazorat qilinadi. Shu tariqa, halollikka doir savollarga tizimli javob beriladi.

Shariat kengashining mohiyati va asosiy maqsadi

Shariat kengashi – Islom tijorat huquqi, ya’ni Fiqh al-Muomalot bo‘yicha yetuk ulamolardan, zaruratga qarab esa huquq, moliya, buxgalteriya va iqtisod sohalaridagi mutaxassislardan tuzilgan mustaqil hay’atdir.

Bu hay’atdan asosiy maqsad – bank yoki moliyaviy tashkilot mahsulotlari, shartnomalari va ichki boshqaruv tartibini Shariat qoidalariga to‘liq mos holda yo‘lga qo‘yish, ularni muntazam tekshirish hamda doimiy nazorat qilish. Amalda bu shundan dalolat beradiki, har qanday yangi mahsulotni ishga tushirishdan oldin u ilmiy-amaliy baholanadi, amaliyot davomida esa uning Shariatga muvofiqligi uzluksiz kuzatib boriladi.

Kengash shu yo‘lda fatvo va qarorlar chiqaradi, yil yakunida esa Shariatga muvofiqlikni ko‘rib chiqadi: audit xulosasini beradi. Bunday qaror va fatvolar mazkur bank yoki moliyaviy tashkilot uchun, institutning ichki hujjatlari va amaldagi mahalliy me’yorlarga muvofiq majburiy kuchga ega bo‘lib, u yoki bu masaladagi noaniqliklarning oldini oladi.