Kupyansk shimolidagi platsdarmda to‘plangan rus qo‘shinlari nafaqat kichik guruhlar bilan shahar markaziga kirishga va o‘rnashib olishga, balki u yerda katta kuch to‘plashga ham muvaffaq bo‘ldi. Hozir u yerda janglar ketmoqda.

Mudofaa kuchlariga asosiy tahdid Rossiya shturm guruhlarining Xarkiv – Kupyansk – Svatove trassasiga yaqinlashishi bo‘lib, bu Ukraina qurolli kuchlarining Oskol daryosi g‘arbidagi ta’minotini sezilarli darajada qiyinlashtirishi va ularning sharqiy sohildagi pozitsiyalarini egallab turgan qismlarini izolyatsiya qilishi mumkin.

Hozirgi vaziyat Kupyansk va uning atrofini mudofaa qilayotgan Ukraina bo‘linmalari uchun qanchalik xavfli? Shahar tez orada taslim bo‘lishi haqidagi taxminlar asoslimi? BBC harbiy sharhlovchisi Ilya Abishev Ukraina sharqiy frontidagi vaziyatni tahlil qildi.

Bu hozirning o‘zida ro‘y beradimi?

Yo‘q. Kupyansk shimolidagi vaziyat Ukraina qurolli kuchlari uchun 2024 yil oxiri – 2025 yil boshidan yomonlashdi, o‘shanda rus bo‘linmalari kamida ikkita uchastkada Oskol daryosini kechib o‘tib, mustahkamlanib olishga muvaffaq bo‘lgandi. Qo‘shimcha kuchlar tashlangani sayin platsdarm kengayib bordi, Ukraina mudofaa kuchlari bunga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qildi, ammo uddalay olmadi.

Rossiya qo‘mondonligining rejalari tushunarli edi – birinchi navbatda yetarli zaxiralarni to‘plash, keyin esa g‘arbdan Kupyanskni aylanib o‘tib, shaharni Chuhiyiv orqali bog‘lovchi R-07 trassasini to‘sib qo‘yish yoki shimoldan ma’muriy markazning o‘ziga ro‘paradan hujum qilish.

Kupyansk g‘arbidan Ukraina qurolli kuchlari ortiga o‘tishning iloji bo‘lmadi, shu maqsadda amalga oshirilgan hujumlar qaytarildi va aftidan, Rossiya qo‘mondonligi ikkinchi variant bo‘yicha harakat qilishga qaror qildi. Yozda shahar shimolida ikki tomon ham nazorat qilmaydigan «kulrang zona» kengayayotgani haqida xabarlar kela boshladi, bu esa u yerda rossiyaliklarning ilg‘or guruhlari paydo bo‘lganini anglatardi. Sentyabr oyi boshlarida esa shahar ichkarisida janglar boshlangani haqida xabarlar tarqaldi.

Ammo undan oldinroq, avgust oyi oxirida Rossiya bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov Vladimir Putinga Kupyansk deyarli to‘liq bloklangani va uning hududining yarmiga yaqini Rossiyaning «Zapad» qo‘shinlari guruhi harbiylari tomonidan egallab olingani haqida hisobot bergandi.