Assalomu alaykum, azizlar. Bugun 26 oktyabr, yakshanba. Kuzning ikkinchi oyi tugayapti, qish yaqinlashib qoldi. Siz-u biz qishda uylarni qanday isitish haqida o‘ylayotgan bir vaqtda Ilon Mask Marsga ko‘chib o‘tish haqida o‘ylamoqda. Bir necha daqiqa vaqtingizni ayamasangiz, odatdagidek haftaning shu va boshqa muhim voqealarini birgalikda eslaymiz.

Trampning ritorikasi o‘zgardi (yana)

Donald Trampni juda o‘zgaruvchan odam degandik, hafta davomida navbatdagi marta buning isbotini ko‘rdik. Mister Tramp yaqindagina Ukrainaga jahl qilib «Donbassni Putinga berib, kelishuv imzolang», degandi. Qarasa vaziyat u o‘ylaganchalik emas, shu bois fikrini yana o‘zgartirdi-da, Putin bilan Mojaristonda rejalashtirilgan uchrashuvni bekor qildi. «Mening bekorchi vaqtim yo‘q», dedi u.

Alyaskadagi sammitda Tramp oshib borsa Putin bilan rasmga tushgandi. Uning atrofidagilar Budapeshtdagi uchrashuvdan ham naf chiqmaydi degan ko‘rinadi, Tramp qarorini o‘zgartirdi.

Ikkinchi prezidentlik muddatiga kirishganiga o‘n oy bo‘lgan Tramp ilk marta Rossiyaga qarshi sanksiya e’lon qildi. Tramp oldingi muddatida Rossiyaga qarshi eng ko‘p sanksiya qo‘llagan prezidentga aylangandi, biroq ikkinchi muddatida Rossiya qo‘shnisi Ukrainaga qarshi urushayotganiga qaramay, Moskvaga qarshi sanksiya joriy qilmagandi. Tramp Baydenning Rossiyaga qarshi kiritgan birorta sanksiyasini bekor ham qilmagandi. Urush boshida Rossiyani juda ko‘p maqtab, Ukraina va Baydenni «urush boshlashda ayblagan» Tramp prezidentligining o‘ninchi oyiga kelib vaziyat o‘ylaganidan boshqacha ekanini tushunib yetgan ko‘rinadi.

Rossiyadagi radikal urush tarafdorlarining nuqtayi nazarini aks ettiradigan sobiq prezident Medvedev Tramp Ukraina tomonga o‘tganini «e’tirof etib», «endi bu Baydenning emas, aynan Trampning urushi ekanini» aytdi.

AQSh G‘arbiy sohil anneksiyasiga yo‘l qo‘ymaydi

Donald Tramp G‘azodagi urushni tugatganidan ko‘p o‘tmay sulh buzilishiga sal qoldi. Avvaliga HAMAS G‘azodagi qaysidir guruh a’zosini o‘qqa tutdi. Isroil buni o‘ziga hujum deb tushunib, bo‘lgadagi ko‘ziga ko‘ringan butun binolarni o‘qqa tutdi. Aftidan vositachilar vaziyat tizginini qo‘lga olib, janjalni tinchitgan.

Bu tortishuv fonida AQSh yana bir marta keskin pozitsiyada ekanini ko‘rsatib, Isroil Falastin davlatiga tegishli O‘rdun daryosining G‘arbiy sohilini anneksiya qilishiga yo‘l qo‘ymasligini bildirdi. Vaholanki Isroil parlamenti hali sulh imzolanishidan avvalroq bosib olingan G‘arbiy sohilni anneksiya qilish rejasini e’lon qilib bo‘lgandi. Unga ko‘ra, Isroil hududda yahudiylar manzilgohlari qurishni davom ettirib, asta-sekin G‘arbiy sohilni o‘ziniki deb e’lon qilmoqchi edi. AQSh davlat kotibi Marko Rubio G‘arbiy sohilni anneksiya qilish tinchlik kelishuviga zid ekanini aytdi.