AQSh prezidenti Donald Tramp Malayziya poytaxti Kuala-Lumpurga keldi. Bu uning Osiyo mamlakatlari bo‘ylab bir haftalik turnesidagi birinchi manzil bo‘lib, safar davomida u mintaqadagi ikki tashkilot – ASEAN’ning (Janubiy-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi) Malayziyadagi va APEC’ning (Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi) Janubiy Koreyadagi sammitlarida ishtirok etadi, shuningdek, Yaponiyaga tashrif buyuradi. Uning turnesidagi asosiy voqea Xitoy rahbari Si Jinping bilan uchrashuv bo‘lishi kutilmoqda.
Yakshanba kuni Tailand va Kambodja yetakchilari Oq uy rahbari ishtirokida ikki davlat o‘rtasida harbiy mojaroni to‘xtatishga qaratilgan, Tramp «tinchlik kelishuvi» deb atagan shartnomani imzoladi.
OAVda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, AQSh prezidenti ushbu marosimni ASEAN sammiti davomida tashkil etishni talab qilgan. Yozda Tramp Tailand va Kambodja chegarasidagi janglarni to‘xtatishga yordam bergan va u bu urushni o‘zi to‘xtatishga muvaffaq bo‘lgan sakkizta urush qatoriga kiritgandi.
BBC muxbirlari ta’kidlashicha, hujjat imzolanishidan oldin Tailand va Kambodja rahbarlari uni «tinchlik kelishuvi» deb atamaslikni ma’qul ko‘rishgan. Hujjatning rasmiy nomi «Munosabatlar to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya» deb atalgan.
Matbuotga sizib chiqqan ma’lumotlarga ko‘ra, hujjatda mojaroni yumshatish uchun faqat dastlabki choralar, jumladan, og‘ir qurollarni olib chiqib ketish hamda chegaralarni demarkatsiya qilish va minalardan tozalash bo‘yicha qo‘shma harakatlar tasvirlangan.
Tailand va Kambodja o‘rtasidagi mojaro qanday rivojlandi?
Ikki davlat o‘rtasidagi uzoq yillik qarama-qarshilikning navbatdagi bosqichi may oyida, kambodjalik harbiy xizmatchi chegarada halok bo‘lganida boshlandi. Bu munosabatlar keskin yomonlashuviga olib keldi: ikkala davlat bir-biriga qarshi qo‘shimcha cheklovlar kiritdi.
Kambodja Tailanddan ko‘plab tovarlar, jumladan, meva va sabzavotlarni import qilishni taqiqladi va bu mamlakatga elektr energiyasi va internet xizmatlarini eksport qilishni to‘xtatdi. Ikki davlat ham chegarada harbiylarini va qurollarini ko‘paytirdi.
24 iyul kuni ikki davlat armiyasi o‘rtasida chegara to‘qnashuvlari boshlandi, bu besh kun davom etdi va 33 kishi o‘limiga olib keldi. O‘n minglab aholi o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘ldi.
28 iyul kuni Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohim vositachiligida Kuala-Lumpurda bo‘lib o‘tgan muzokaralardan so‘ng tomonlar o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib oldi. Avvaliga Tailand vositachilik takliflarini rad etgandi, biroq Tramp «janglar to‘xtatilmaydigan bo‘lsa», tariflar bo‘yicha muzokaralarni to‘xtatish bilan tahdid qilganidan keyin rozi bo‘ldi.








