AQSh prezidenti Donald Tramp AQSh armiyasiga Nigeriyadagi jangari guruhlarga qarshi harbiy harakatlarga tayyorgarlik ko‘rishni buyurdi. Shu bilan birga, u ushbu mamlakat hukumatini xristianlarni himoya qila olmaslikda ayblagan, Nigeriya prezidenti esa mamlakatda diniy murosasizlik yo‘qligini ta’kidlamoqda.

Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida post yozib, unda Pentagon Nigeriyadagi ehtimoliy harbiy harakatlarga tayyor bo‘lishi kerakligini aytgan.

«Agar Nigeriya hukumati nasroniylarning o‘ldirilishiga yo‘l qo‘yishni davom ettirsa, AQSh zudlik bilan Nigeriyaga ko‘rsatayotgan barcha yordam va ko‘makni to‘xtatadi. Bundan tashqari, AQSh bu sharmandali mamlakatga „qurollarni shaylagan holda“ kirib, dahshatli vahshiyliklarni amalga oshirayotgan islomiy terrorchilarni butunlay yo‘q qilishi mumkin. Men Mudofaa vazirligimizga ehtimoliy harakatlar uchun tayyorgarlik ko‘rishni buyurmoqdaman. Agar hujum qilsak, bu xuddi terrorchi bezorilar bizning aziz nasroniylarimizga hujum qilganidek, tez va shafqatsiz bo‘ladi!» – deb yozdi Tramp.

«OGOHLANTIRAMIZ: YaNIGeRIYa HUKUMATI ShOShILGANI MA’QUL!» – degan Tramp o‘z odatiga ko‘ra matnning bir qismini katta harflarda yozib.

Shundan so‘ng, AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset uning idorasi harakat qilishga shayligini aytdi. «Yoki Nigeriya hukumati nasroniylarni himoya qiladi, yoki biz dahshatli vahshiyliklarni amalga oshirayotgan islomiy terrorchilarni o‘ldiramiz», – deya qo‘shimcha qildi u.

AQSh prezidentining harbiy harakatlar bilan tahdidi uning ma’muriyati Nigeriyani AQShning diniy erkinliklarni buzgan davlatlar ro‘yxatiga kiritganidan bir kun o‘tib yangradi. Ro‘yxatda Xitoy, Myanma, Shimoliy Koreya, Rossiya va Pokiston kabi davlatlar ham bor.

Avvalroq Tramp Nigeriyani «alohida xavotir uyg‘otuvchi mamlakat» deb atagan va u yerda «minglab» xristianlar o‘ldirilganini aytgandi.

Prezident gap aynan qanday qotilliklar haqida ketayotganiga izoh bermadi va aniq dalillarni taqdim etmadi. Ammo AQShning o‘ng siyosiy doiralarida Nigeriyadagi xristianlar genotsidi haqidagi gap-so‘zlar bir necha oydan beri davom etmoqda.

Nigeriya tomoni nima deydi?

Xalqaro inson huquqlari guruhlariga ko‘ra, Nigeriyada xristianlar musulmonlarga qaraganda ko‘proq o‘ldiriladi, deb hisoblash uchun asos yo‘q – ikki din vakillari orasida zo‘ravonlik qurbonlari soni deyarli bir xil.