Keyingi haftalar va oylarda Donald Trampning diqqat markazida Yaqin Sharq emas, Rossiya–Ukraina urushi ham emas. Hatto Xitoy bilan “poyga” ham ahamiyat jihatidan biroz quyi darajaga tushgan. AQSh prezidentining asosiy e’tibori Venesuelaga qaratilgan. Bu davlat chegaralari yaqinida Amerika harbiy kuchlari joylanmoqda.
Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Kun.uz’dagi kolonkasida AQSh – Venesuela ziddiyatining motivlari haqida so‘z yuritadi.
Venesuela – O‘zbekiston uchun dunyoning narigi tomoni, Janubiy Amerikada joylashgan. Janubiy Amerika – biz uchun eng uzoq qit’a. Biroq agar AQSh Venesuelaga urush ochsa, bu dunyo geosiyosatiga, iqtisodiyotiga, jumladan, neft narxiga jiddiy ta’sir qiladi.
Venesuela kichik davlat emas. Uning sarhadi 916 ming kvadrat kilometrni tashkil qiladi, va bu bilan O‘zbekistondan (448 ming kv. km) ikki baravardan ham sal kattaroq hisoblanadi. Aholisi esa o‘tgan 2024 yilda 28,4 millionni tashkil qilgan.
Tramp Venesuelaga qarshi axborot urushini boshlaganida, ko‘pchilik qatori men ham bu axborot kampaniyasini “yolg‘on”, “psixologik bosim”, xalqaro ibora bilan aytganda “blef” deb qabul qildim. Bunga asos bor edi. Tramp shu paytga qadar Kanadaga bosim qilib, “51-shtat bo‘l” dedi — bo‘lmadi. Grenlandiyani qo‘shib olmoqchi bo‘ldi — o‘xshamadi. Panama kanalini to‘liq o‘zlashtirmoqchi bo‘ldi — bu ham amalga oshmadi. Biroq Venesuelaga nisbatan bosim borgan sari oshib bormoqda.
Hozirda Venesuela atrofida, Karib dengizida jami 13 ta amerikalik harbiy kemalar jamlandi. Ulardan uchtasi aviatashuvchi, ya’ni o‘z gardanlarida qiruvchi samolyotlarni tashib yuradi. Eng yirik samolyot tashuvchi kema — “Jyerald Ford” ham Karib dengizida. Qolgan ikkitasi ham uzoqqa uchuvchi raketalar bilan jihozlangan. Ikkita yoqilg‘i tashuvchi katta tanker ham Karibda. Venesuela atrofiga keltirilgan harbiy askarlar soni o‘n mingdan oshgan. Har hafta bir necha marta katta raketa tashuvchi yirik samolyotlar Venesuela osmoni ustidan uchib, mahalliy harbiylarga psixologik bosim o‘tkazmoqda.
Xo‘sh, Trampning rasmiy va norasmiy motivlari nimalardan iborat? Venesuela – Lotin Amerikasidagi eng aksil-amerikachi davlatlardan biri. Oldingi prezident Ugo Chaves ham, hozirgi Nikolas Maduro ham mintaqada va xalqaro maydonda AQSh siyosatini “imperialistik”, “gegemonistik” deya tanqid qilib kelgan. Shu bois ular Vashingtonda yomon ko‘riladigan siyosatchilar hisoblanadi. Oldingi AQSh prezidentlari Venesuela rejimiga u qadar katta e’tibor bermagan bo‘lsa, Trampning bu mamlakat borasida jiddiy rejalari bordek ko‘rinadi.







