Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, hodisa mahalliy vaqt bilan soat 12:15 atrofida poytaxt Jakarta shahrining Kelapa Gading tumanidagi maktab majmuasida joylashgan masjid ichida yuz bergan.

Portlashdan so‘ng 55 kishi turli darajadagi — yengil va og‘ir, jumladan, kuyish jarohatlari bilan shifoxonalarga yotqizilgan. Vafot etganlar haqida ma’lumot yo‘q.

Foto: Antara

Indoneziya politsiya boshlig‘i Listyo Prabovoning aytishicha, gumonlanuvchining o‘zi ham jarohat olgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hodisa yuzasidan tergov olib borilmoqda, jumladan, «gumondor portlovchi moslamani qanday tayyorlagani va hujumni qanday amalga oshirgani» o‘rganilmoqda.

Foto: Anadolu

«Mash’um tovushni eshitganimizda juda hayron bo‘ldik — portlash juda kuchli edi. Yuragimiz tez ura boshladi, nafas olish qiyinlashdi va biz tashqariga yugurdik», — dedi Reuters bilan gaplashgan 43 yoshli Lyusiana. U hodisa paytida maktab oshxonasida ishlayotgan edi.

Foto: Reuters

Uning so‘zlariga ko‘ra, bir necha portlash sodir bo‘lgan, derazalar sinib ketgan va o‘nlab odamlar sarosimaga tushib, majmuadan qochib chiqqan.

Maktab o‘quvchilaridan birining hukumatga qarashli Antara axborot agentligiga aytishicha, portlovchi moslama qo‘pol muomalaga uchrab yurgan o‘quvchi tomonidan maktabga olib kelingan.

Boshqa o‘quvchilar esa gumonlanuvchini «yolg‘iz yuradigan shaxs» deb tasvirlagan. U tez-tez zo‘ravonlik sahnalarini chizgan va portlashdan keyin yerda yotgan holda topilgan.