Jahon | 07:28 / 11.11.2025
8716
2 daqiqa o‘qiladi

6 million uy uchun elektr: Dogger Bank dengiz shamol parki ishga tushmoqda

Dunyodagi eng yirik dengiz shamol elektr stansiyasi - Dogger Bank Yorkshir sohilidan taxminan 130 kilometrda barpo etilmoqda, u ishga tushgach, har yili olti million xonadonni toza elektr energiyasi bilan ta’minlaydi.

Foto: Dogger Bank Wind Farm

Loyiha SSE Renewables, Equinor va Vårgrønn kompaniyalar konsorsiumi tomonidan amalga oshirilmoqda va har biri 1,2 million kilovatt quvvatga ega bo‘lgan uchta bosqichdan iborat.

Dunyodagi eng yirik dengiz shamol parki sifatida Dogger Bank Britaniyaning toza manbalarga asoslangan kelajak energiya tizimining muhim bo‘g‘iniga aylanadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, u mamlakatga taxminan 7,9 milliard AQSh dollari qiymatida iqtisodiy foyda keltiradi va butun mamlakat bo‘ylab minglab ish o‘rinlarini yaratadi.

Shamol parki uchta asosiy bosqichdan iborat: Dogger Bank A, B va C. Ularning qo‘shma ishlab chiqarishi Britaniya umumiy elektr talabining taxminan 5 foizini qoplashga yetadi. Dengizdagi turbinalarda ishlab chiqarilgan energiya yuqori kuchlanishli suvosti kabellari orqali milliy elektr tarmog‘iga uzatiladi.

Dogger Bank A bosqichining ilk turbinasi 2023 yil oktyabr oyida energiya ishlab chiqara boshladi. Elektr stansiyasi milliy tarmoqqa elektr yetkazish uchun — Britaniyadagi shamol parklari orasida ilk bor — yuqori kuchlanishli doimiy tok (HVDC) uzatish tizimidan foydalanadi.

Majmua GE Vernova Haliade-X quvvati 13 megavatt bo‘lgan shamol turbinalari bilan jihozlangan — ular dunyodagi eng yirik va eng kuchlilaridan hisoblanadi. Uzunligi 107 metr bo‘lgan parraklar har bir aylanganda o‘rtacha bir xonadonni ikki kunga yetarli energiya bilan ta’minlashga qodir.

 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid