Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.
«Online-shifokor» xizmati yo‘lga qo‘yiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 noyabr kuni Toshkent davlat tibbiyot universitetiga tashrifi chog‘ida sog‘liqni saqlashni raqamlashtirish doirasida aholiga masofadan tibbiy maslahat beruvchi «Online-shifokor» servisini joriy etish vazifasini belgiladi. Yagona raqamli infratuzilma orqali bemorlar uyidan chiqmasdan vrach bilan bog‘lanib, elektron hujjatlarni olishi mumkin bo‘ladi.
Yangi servisning maqsadi aholiga birlamchi masofaviy qabulni qulay formatda taqdim etish, navbat va safarbarlikni qisqartirish, tezkor yo‘llanmalar berishdir.
Unda videoqabul/audio/chat orqali vrach bilan bog‘lanish, elektron yo‘llanma va tahlillar bo‘yicha so‘rovlarni masofaviy berib, natijalarni raqamli olish va boshqa qulayliklar nazarda tutilgan.
Qashqadaryoda 4 nafar egizak tug‘ildi
Kitob tumanida yashovchi Jasur Maqayev va Dilfuza Bahriddinova oilasida 4 nafar egizak qiz tug‘ildi. 5 nafar qizni voyaga yetkazayotgan oilada farzandlar soni 9 nafarga yetdi.
Egizaklar Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qashqadaryo filialida muddatidan oldin kesarcha kesish amaliyoti orqali dunyoga kelgan. Ular 1400 gr, 1450 gr, 1600 gr va 1400 gr vaznda tug‘ilgan.
Ayni paytda qizlar filialda xalqaro protokollar asosida parvarish qilinayotgani bildirilgan.
Toshkentda chiqindi qarzi tufayli 6 ming abonentning elektr to‘lovi vaqtincha cheklandi
Toshkent shahri bo‘yicha 2025 yil 5 noyabr kuni chiqindi xizmati qarzdorligi 2 mlrd 239 mln so‘mga yaqin ekani sababli, jami 25121 abonent «Hududiy elektr tarmoqlari» 2100 qisqa raqamidan SMS orqali ogohlantirildi.







