Vaqtinchalik budjet chorshanba kuni kechqurun, Vakillar palatasining 222 nafar a’zosi loyihani qo‘llab-quvvatlaganidan ikki soat o‘tganida imzolash uchun prezident Donald Trampga kiritilgan. Uning ma’qullanishi uchun kongressmenlarning ko‘pchilik ovozi kifoya edi.
Bungacha budjet loyihasi AQSh Senatida ma’qullangandi.
Palataning hozirgi tarkibida respublikachilarda 219, demokratlarda 214 mandat bor (jami 433 o‘rin, ayni vaqtda ikki o‘rin bo‘sh turibdi). Bu holatda 217 ovoz ko‘pchilikni tashkil etish uchun yetarli bo‘ladi.
Ammo chorshanba kuni kechqurun zalda to‘rt nafar kongressmen yo‘q edi: uch respublikachi va bir demokrat. Bu esa budjet loyihasi qabul qilinishi uchun zarur bo‘lgan chegarani 215 ovozgacha qisqartirdi, natijada vazifa ortig‘i bilan uddalandi.
Bunga hujjatni nafaqat 216 nafar respublikachi, balki olti nafar demokrat ham qo‘llab-quvvatlagani evaziga erishildi. Shu bilan birga, Respublikachilar partiyasining ikki vakili 207 nafar demokrat bilan birgalikda loyiha uchun qarshi ovoz bergan.
Vaqtincha budjet prezident tomonidan imzolangach, hukumat o‘z ishini davom ettirdi va AQSh tarixidagi eng uzoq cho‘zilgan shatdaun yakunlandi. Oldingi rekord (35 kun) ham Tramp prezidentligi davrida, ammo uning birinchi muddatida o‘rnatilgandi.
Bu safar shatdaun 43 kun davom etdi. Respublikachilar va demokratlar o‘rtasidagi federal budjet bo‘yicha kelishmovchiliklar sabab taxminan 750 ming federal xizmatchi maoshsiz majburiy ta’tilga chiqarildi. Faqat muhim ta’minot tizimlari – havo harakati dispetcherlik xizmati, politsiya, chegara qo‘riqlash va shoshilinch tibbiy yordam uchun istisno qilindi.
Axios nashri yozishicha, shatdaun sabab NATO ittifoqchilariga AQSh qurol-yarog‘ini yetkazib berish 5 mlrd dollardan (4,3 mlrd yevro) ziyod umumiy summa bo‘yicha kechiktirilgan.
Budjetni ko‘p sonli telekameralar qarshisida imzolagan Tramp shatdaun yakunlangan kunni «buyuk kun» deb atagan.

Shatdaun yakunlanishi bilan nimalar o‘zgaradi?
Chorshanba kuni qabul qilingan loyiha federal hukumatga yana ikki oydan ko‘proq – 2026 yil 30 yanvargacha ishlash imkonini beradi.
Qabul qilingan budjet loyihasi barcha federal vazirlik va idoralarning 2026 yil 30 yanvargacha o‘z faoliyatini tiklashini kafolatlaydi, ularning moliyalashtirilishi ta’minlanadi. Reuters xabariga ko‘ra, ko‘plab davlat xizmatchilari 13 noyabr, payshanba kunidan ishga chiqishi kerakligi haqida allaqachon bildirishnoma olgan.









