“Energoatom” milliy energetika kompaniyasida yirik korrupsiya sxemasi fosh etilgandan keyin Ukrainadan yangiliklar birin-ketin kelmoqda: yetti nafar shaxs gumonlanyapti, ular orasida prezident Volodimir Zelenskiyning safdoshi Timur Mindich va sobiq bosh vazir o‘rinbosari Aleksey Chernishov bor. Besh kishi qo‘lga olindi. Prezident Zelenskiy tergov davriga vazifasidan vaqtincha chetlatilgan adliya vaziri German Galushchenko va energetika vaziri Svetlana Grinchuk iste’foga chiqishi kerakligini bildirdi. 12 noyabr kuni bosh vazir Yuliya Sviridenko vazirlar tegishli arizalarni allaqachon topshirganini ma’lum qildi.

Ukraina hukumati navbatdan tashqari yig‘ilishda 100 foiz aksiyasi davlatga tegishli kompaniyaning kuzatuv kengashi vakolatlarini to‘xtatish va tezkor audit o‘tkazish — jumladan amalga oshirilgan xaridlarni tekshirish haqida qaror qabul qildi. Bu — Ukraina Milliy korrupsiyaga qarshi byurosi (NABU) va Ixtisoslashgan antikorrupsiya prokuraturasi (SAP) tomonidan amalga oshirilgan “Midas” operatsiyasining ilk natijalaridir.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, hokimiyatga yaqin shaxslar kirgan jinoiy tashkilot vakillari “Energoatom” kontraktlari qiymatining 10–15 foizi miqdorida “otkat” talab qilgan. Xususan, kontragentlarga ko‘rsatilgan xizmatlar va yetkazilgan tovarlar uchun to‘lovlarni bloklashdan qochish yoki yetkazib beruvchi maqomini saqlab qolish sharti sifatida “otkat” to‘lash majburiyati yuklangan. Bularning barchasi Rossiya hujumlari oqibatida butun Ukraina bo‘ylab keng ko‘lamli elektr uzilishlari kuzatilayotgan, energetik obektlarning ko‘pchiligi yetarli darajada himoyalanmagan bir paytga to‘g‘ri keldi.

Siyosiy doiralarda reaksiya uzoqqa cho‘zilmadi. Hatto prezidentga yaqin “Xalq xizmatkori” partiyasi saflaridan ham tanqid yangradi. Oliy Rada korrupsiyaga qarshi siyosat qo‘mitasi raisi, mazkur fraksiya deputati Anastasiya Radina, xususan, hukumat harakatlaridan noroziligini bildirdi.

«Adliya vazirini hukumat tomonidan vakolatdan chetlatish — yetarli emas. Ikki (!) vazir yo iste’fo berishi, yoki Oliy Rada tomonidan bo‘shatilishi lozim», — deb yozdi Radina Facebook’da. U Galushchenko bilan birga ismi NABU va SAP e’lon qilgan audioyozuvlarda bevosita aytilmagan bo‘lsa-da, bilvosita tilga olingan energetika vaziri Svetlana Grinchukni ham nazarda tutgan.

Muxolifat yanada qattiqroq tanqid bilan chiqdi. “Oqimlar (pul oqimlari) ishqibozlari jamoasi hech qanday xariddan tiyilmagan. Himoya inshootlari? Albatta, “pulni yerga ko‘mish” (yozuvlardagi figurantlardan birining so‘zlari). Lekin zarur bo‘lsa, bu yerda ham “o‘zimiznikini” — 15 foizni boy bermaslik kerak. Qizig‘i, NABUning yangi fosh etishlaridan so‘ng prezident kim aniq energetikaning muhim uskunalarini himoya qilishni ta’minlamagani haqida tushuntirish beradimi?” — dedi “Golos” fraksiyasi deputati Inna Sovsun.