Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina qurolli kuchlari Pokrovskni tark etishi mumkinligini aytib, Donetsk oblasti g‘arbidagi ushbu shaharda ukrain harbiylari «juda murakkab vaziyatda qolgani»ni tan olgan.

«Hech kim ularni vayronalar uchun halok bo‘lishga majbur qilmaydi», – degan u Bloomberg uchun intervyuda.

Zelenskiy Pokrovsk mudofaasidagi harbiylarning har qanday qarorini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan:

Men u yerdagi askarlarimizni, ayniqsa, komandirlarni vaziyatni nazorat qilish uchun olishlarini ta’minlashda qo‘llab-quvvatlayman. Aks holda bu biz uchun juda qimmatga tushadi, biz uchun eng muhimi – askarlarimiz hayoti.

Zelenskiyning fikricha, Rossiya Trampni Ukrainada urushni to‘xtatish uchun Donbassdan voz kechishi kerakligiga ko‘ndirish maqsadida Pokrovskni bosib olishga intilmoqda. «Biz Ukraina sharqidan keta olmaymiz. Buni hech kim qabul qilmaydi, odamlarimiz buni qabul qilmaydi, – deydi u. – Va asosiysi, hech kim sizga ular u yoki bu shaharni bosib olgach, oldinga siljishda davom etmaydi, deb kafolat bermaydi. To‘xtatib turuvchi omil yo‘q».

Pokrovskdagi vaziyat

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda rossiyalik harbiylar qalin tumandan foydalangan holda Pokrovsk ichkarisiga kirib olgani aks etgan videolar keng tarqaldi.

Ukrainaning 7-desant-shturm korpusida ta’kidlanishicha, ob-havo sharoiti, xususan, qalin tuman Moskvani o‘z harakatlarini faollashtirishga undagan. Rossiyalik harbiylar keyinroq ukrain bo‘linmalarini qurshab olish uchun vayrona holatdagi shaharga imkon qadar ko‘proq qo‘shin kiritmoqda.

Rossiya armiyasi bir yildan oshiq vaqtdan buyon Pokrovskni egallashga harakat qilib keladi, Volodimir Zelenskiy ham tuman rossiyaliklarga qo‘l kelgani va vaziyatni murakkablashtirganini aytgan.

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda virusdek keng tarqalgan videoda rossiyalik harbiylar tumandan foydalangan holda fuqarolik avtomobillari hamda mototsikllarda hech qanday qarshilikka uchramasdan, shaharga kiri kelayotganini ko‘rish mumkin. Videodagi mashinalar va mototsikllar juda eskirganidan kelib chiqib, ko‘plab sharhlovchilar buni kelajakdagi janglar haqidagi «Aqlsiz Maks» fantastik filmidagi kadrlar bilan taqqosladi.