Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, Meksika poytaxti Mexiko shahrida hukumatga qarshi namoyishlar chog‘idagi to‘qnashuvlar chog‘ida kamida 120 kishi jarohatlangan, ulardan 100 nafari politsiya xodimlaridir.

Shanba kuni minglab namoyishchilar zo‘ravonlik jinoyatlari hamda prezident Klaudiya Sheynbaumning siyosatiga qarshi norozilik bildirib, Meksika poytaxti bo‘ylab yurish qildi.

Davlat rahbari mamlakatning boshqa shaharlarida ham bo‘lib o‘tgan marshlar uning hukumatiga qarshi bo‘lgan o‘ng siyosatchilar tomonidan moliyalashtirilganini aytdi.

Poytaxtdagi miting «Z avlod» deb nom olgan yoshlar tomonidan uyushtirilgan hamda boshqa norozi fuqarolar, jumladan, yaqinda kartellarga qarshi qat’iy choralar ko‘rishga chaqirgan Uruapan shahri meri Karlos Mansoning o‘ldirilishiga qarshi norozilik bildirgan fuqarolar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.

Namoyishchilar Sheynbaum yashaydigan Milliy saroyni himoya qiluvchi to‘siqning bir qismini buzib tashlagan. Kompleksni qo‘riqlayotgan politsiya yig‘ilganlarga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llagan.

Rasmiylar talonchilik va hujum kabi huquqbuzarliklar uchun 20 kishini hibsga oldi, dedi jurnalistlarga Mexiko xavfsizlik xizmati rahbari Pablo Vaskes.

Namoyishchilar «Biz barchamiz Karlos Mansomiz» deb yozilgan plakatlarni ko‘tarishgan, boshqalar esa unga hurmat belgisi sifatida kovboy shlyapalarini kiyib olishgan.

Namoyishchilar Sheynbaum yashaydigan Milliy saroyni o‘rab turuvchi to‘siqning bir qismini buzib tashladi.

Manso 1 noyabr kuni O‘liklar kuni festivaliga borganida otib o‘ldirilgan.