Axios nashri Donald Tramp ma’muriyatining Ukrainadagi urushni to‘xtatish rejasini e’lon qildi. Nashr hujjatni qoralama variant deb atagan, shu bilan birga, uning haqiqiyligini Ukraina va AQSh rasmiylari tasdiqlagan. Avvalroq Trampning rejasini (ukrain tilida) Oliy rada deputati Aleksey Goncharenko ham e’lon qilgandi. Hujjat 28 banddan iborat.

Financial Times ma’lumotiga ko‘ra, Tramp Kiyev tinchlik rejasini bir necha kun ichida ma’qullashi uchun Ukraina hukumatiga kuchli bosim o‘tkazmoqda. Ukrainalik rasmiylar nashr bilan suhbatda Oq uydagilar Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bitimni Shukronalik kunigacha (AQShda 27 noyabr kuni nishonlanadi) imzolashini istashmoqda. FT suhbatdoshlarining so‘zlariga ko‘ra, AQShdagilar kutayotgan muddatga rioya etilishi dargumon.

20 noyabr kuni Zelenskiy AQSh armiyasi vaziri Deniyel Driskoll boshchiligidagi yuqori martabali amerikalik harbiylar delegatsiyasini qabul qildi. Uchrashuvda amerikaliklar Ukraina prezidentiga tinchlik rejasini rasman taqdim etgan. Keyinroq Zelenskiy kechki murojaatida Ukrainaga «munosib tinchlik» kerakligini aytdi. «Men biz uchun prinsipial bo‘lgan narsani belgilab berdim. Va jamoalarimiz ushbu takliflarni hayotga tatbiq etish ustida ish olib borishiga kelishib oldik. Biz keskin bayonotlar bermaymiz va aniq, shaffof ishlashga intilamiz», – dedi Zelenskiy. Ukrainaning BMTdagi doimiy vakili o‘rinbosari Kristina Gayovishin 20 noyabr kuni BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida AQSh taklif qilgan tinchlik rejasi haqida gapirarkan, uning mamlakati o‘z «qizil chiziqlari» borligi, ular «aniq va mustahkam» ekanini ta’kidladi.

Trampning rejasi. Qisqacha

  • Qrim, Luhansk va Donetsk (rejada shaharlarning nomi keltirilgan, lekin, katta ehtimol bilan, gap Luhansk va Donetsk oblastlari haqida ketgan) AQSh tomonidan de-fakto Rossiyaniki deb tan olinadi. Xerson va Zaporijjya oblastlari hozirgi front chizig‘i bo‘yicha bo‘lib olinadi. Rossiya Ukrainaning to‘rt regioni hamda Qrimdan tashqaridagi egallab olingan boshqa hududlardan (Sumi va Xarkiv oblastlarida) voz kechadi. Ukraina Donetsk oblastidan qo‘shinlarini to‘liq olib chiqadi va bu hudud Rossiya tarkibidagi bufer zonaga aylanadi.
  • Ukraina qurolli kuchlaridagi harbiylar soni 600 ming kishigacha qisqaradi (hozirda 800–850 ming kishi).
  • Ukraina Konstitutsiyasiga NATOga qo‘shilmaslik haqidagi modda kiritiladi, NATO esa Ukrainani kelajakda ham alyansga qabul qilmaslik majburiyatini oladi. Shu bilan birga, Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga kirish huquqi cheklanmaydi.