Sport | 15:30 / 22.11.2025
3237
19 daqiqa o‘qiladi

London va Milanda derbi, "Barsa" "Kamp Nou"ga qaytmoqda. Hafta o‘yinlari anonsi

Nihoyat terma jamoalar bilan bog‘liq so‘nggi tanaffus ham tugadi va endi shu bilan mart oyigacha tinimsiz klublar futbolidan bahramand bo‘lishimiz mumkin. Pep Gvardiola aytganidek, mavsum endi boshlanmoqda. Pepning o‘zini qiyin safar kutib turgan bo‘lsa, Shimoliy Londonda va Milanda qiziqarli derbilar bizni kutib turibdi. “Kamp Nou” esa uzoq tanaffusdan so‘ng yana futbol o‘yinlari uchun tayyor.

Foto: Soccrates Images / Contributor / Getty Images Sport

BARSeLONA – ATLeTIK (22 noyabr, 20:15)

Ispaniyada nafaqat “Barselona” va “Real” to‘qnashuvi, balkim “Atletik”ning ushbu grandlarga qarshi o‘yinlari ham “Klasiko” deb ataladi. Chunki shu ikki jamoadan tashqari aynan bilbaoliklar Ispaniya chempionati tarixida biror marta ham quyi ligadan pastga tushib ketishmagan.

Aslida raqib kim bo‘lishidan qat’i nazar bugungi o‘yin barchaning e’tiborini bo‘lishi aniq edi, zero ikki yarim yillik tanaffusdan so‘ng nihoyat “Barselona” o‘z uyiga – “Kamp Nou”ga qaytmoqda. To‘g‘ri, hozircha faqat 1V litsenziyasi olingan, ya’ni maksimum 45 ming muxlis stadiondan jonli kuzatishi mumkin, lekin bu ham katta gap. Lamin Yamal bu stadionda atigi o‘n daqiqa o‘ynagani, Kubarsi, Fermin kabi bugungi kun yulduzlari uchun esa debyut bo‘lishi mumkinligini inobatga olsak, oradan qancha uzoq vaqt kechgani oydinlashadi. “Kamp Nou”da bugun o‘ziga xos bayram bo‘lsa kerak.

Albatta, “Atletik” bayram uchun mos raqib bo‘lsa-da, kayfiyatni buzishga ham qodir. Jamoa o‘tgan yildagi kabi barqaror ko‘rinmayotgan bo‘lsa-da, jamoa pressingi va tezkor qarshi hujumlari joyida. Niko Uilyams kabi mahoratli yulduzlari ham bor. So‘nggi paytlarda har qanday jamoa “Barselona”ni yuqori himoya chizig‘i uchun jazolash imkoniyatiga ega bo‘layotgan ekan, “Atletik” bundan juda unumli foydalanishi mumkin. Valverde shogirdlarining La Ligada oxirgi ikki, hammasi bo‘lib esa uch o‘yindan beri mag‘lubiyatga uchrayotgani esa ularni “Kamp Nou”da yanada xavfliroq raqibga aylantirishi mumkin. Odatda terma jamoalar bilan bog‘liq tanaffuslar top-jamoalarga ko‘proq ta’sir ko‘rsatishi, tanaffusdan keyingi o‘yin ko‘pincha muvaffaqiyatsiz kechishi an’anaga aylangan.

Tarkiblarga keladigan bo‘lsak, so‘nggi o‘yinda “Barselona”da Levandovski va Olmolarning qaytganini ko‘rgandik. Rafinya ham tiklangani haqida ma’lumotlar bor. Ammo Markus Reshford kichik jarohat olgan va bugun maydonga tusha olmasligi mumkin. Shuningdek, mezbonlar tarkibida maydon markazida muammolar paydo bo‘lish ehtimoli katta. Pedri ancha avvalroq safdan chiqqan bo‘lsa, Frenki de Yong “Selta”ga qarshi uchrashuvning so‘nggi daqiqalarida maydondan chetlatilgandi. U diskvalifikatsiya tufayli o‘yinni o‘tkazib yuboradi. Mehmonlar safida esa Inyaki Uilyamsning maydonga tushishi so‘roq ostida. Shuningdek, Sannadi, Prados va Eguilizlarda jarohat bor.

Qiziq fakt. “Atletik” La Ligada “Barselona” ustidan oxirgi marta 2013 yilda g‘alaba qozongan. Go‘yoki kataloniyaliklar uchun qulay raqib, to‘g‘rimi? Lekin mana shu oraliqda “Atletik” Ispaniya kubogi, Superkubok kabi turnirlarda 6 marta “Barselona”ni yengib musobaqalardan chiqarib yuborgan.  

NYuKASL – MANCheSTeR SITI (22 noyabr, 22:30)

“Manchester Siti”da barcha musobaqalarda oxirgi 14 o‘yinda atigi bitta mag‘lubiyat bor. “Aston Villa” maydonidagi mag‘lubiyatdan so‘ng “Manchester Siti” qatorasiga to‘rt o‘yinda g‘alaba qozondi va har bir uchrashuvda kamida 3 gol urishni uddaladi. “Bornmut”, “Liverpul”, “Borussiya” kabi kuchli raqiblarga qarshi biz Pepning eski jamoalarini ko‘rgandek bo‘ldik. Hujumkor va tezkor o‘yin, juda ko‘p kreativ harakatlar va driblinglar. Jamoa o‘z o‘yinini topgandek va agar Pep Gvardiola jamoasi o‘z o‘yinini topsa, nima bo‘lishini yaxshi bilasiz. Ayni paytda APL uchun “Arsenal”ga raqobat qila olishi mumkin bo‘lgan asosiy jamoa sifatida ham endi aynan “Manchester Siti” tilga olinmoqda.

Albatta, “Arsenal”ga raqobat qilish uchun deyarli yo‘qotishsiz borish kerak, “Nyukasl” esa har qanday seriya uchun eng noqulay raqib hisoblanadi. Eddi Xau shogirdlari hozircha chempionatda ancha pastki o‘rinlarda borib, beqaror natijalar ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, jamoa o‘z joyida, ayniqsa katta o‘yinlarda buni ko‘rish mumkin. “Liverpul”, “Arsenal” va “Barselona”ga qarshi o‘yinlarni eslasangiz, “Nyukasl” juda munosib ko‘ringan, so‘nggi daqiqalargacha tengma-teng kurashishni uddalagandi. “Manchester Siti”ga qarshi, ayniqsa o‘z maydonida jamoa bor imkoniyatini ishga solishi kerak. Bu stadionda o‘tgan oxirgi to‘rt o‘yinidan Gvardiola faqat bir marta 3 ochko olib ketganini eslash kifoya. O‘tgan mavsumdagi uchrashuv esa 1:1 hisobida durang bilan yakunlangandi. Umuman olganda ham, “Nyukasl” uy va safarda yaqqol farqli o‘ynaydigan jamoa sanaladi – raqamlar ham buni isbotlaydi. Jamoa “Sent Jyeyms Park”da har o‘yinda o‘rtacha 3.2 ta xavfli vaziyat yaratsa, safarda bu ko‘rsatkich – 0.7. Shunchaki, jamoa pastki o‘rinlarda borayotgani sababi, uyda “Arsenal”, “Liverpul” kabi kuchli raqiblarga duch kelganidir.  

Qiziq tomoni, Xau va Pepning o‘zaro dueli. Gvardiola hech qaysi murabbiyni Xau qadar yakson etmagan – 15 g‘alaba, ikki durang va bitta mag‘lubiyat. To‘plar nisbati 73-11.

Tarkiblarga to‘xtaladigan bo‘lsak, mezbonlar safida Dan Byornning diskvalifikatsiyaga uchragani eng katta yo‘qotish bo‘lsa kerak. Ayniqsa standart vaziyatlarda u “Nyukasl”ning eng xavfli qurollaridan biri edi. Shuningdek, zaxiradan jamoani kuchaytirishi mumkin bo‘lgan Osulada ham kichik jarohat bor. Vissa hali transfer qilinganidan beri o‘ynay olgani yo‘q, Livremento esa mashg‘ulotlarga qaytgani aytilayotgan bo‘lsa-da, to‘liq harakat qilish uchun yetarli sport formasiga kirmagan. Pep Gvardiola Rodri va Kovachichning xizmatlaridan foydalana olmaydi.

Albatta, biz uchun Abduqodir Husanovning holati ham muhim. Esingizda bo‘lsa, u Manchesterga transfer qilinganidan so‘ng o‘zining ilk to‘liq uchrashuvini aynan “Nyukasl”ga (4:0) qarshi o‘tkazgan va juda muvaffaqiyatli harakat qilgandi. O‘sha bahsdan keyin u qatorasiga 6 o‘yinda asosiy tarkibda tushirilgan. Ammo hozirda hamyurtimiz markaziy himoyada Gvardiol va Diashga, o‘ng qanotda esa Nuneshga raqobatni boy bermoqda. Balkim Nyukaslda ancha jismoniy kurashlar va tezlik ko‘proq kerak bo‘lishini inobatga olib, Pep Husanovni imkoniyat berishi ham mumkin. Afsuski so‘nggi paytlarda Pep avvalgidek rotatsiya qilmayapti, asosan bir tarkib bilan o‘z o‘yinini topishga urinmoqda.

ARSeNAL – TOTTeNHEM (23 noyabr, 21:30)

So‘nggi ikki yilni “Tottenhem” jarohatlar girdobida o‘tkazdi. Bunga asosiy sabab sifatida Posteko‘g‘luning ko‘p enegriya sarf qiladigan uslubi aytilardi, ammo u ketganidan keyin ham bu epidemiya davom etmoqda. Tomas Frank Brentfordda nisbatan ancha qisqa tarkib bilan o‘ynab kelgan, ya’ni odatda ko‘p jarohatlarga to‘qnash kelmagan. Demak gap faqat murabbiylar va ularning uslubida emas, klubda yanada chuqurroq muammo bor. Meddison va Kulushevski haqida har hafta aytib o‘rganib qoldik, umuman hali bu futbolchilar Frank qo‘l ostida o‘ynashmadi ham. Lekin ularsiz ham ayni paytda “Tottenhem”da 7 nafar futbolchi jarohatlangan. Grey, Devis, Takai, Bergval, Dragushin, Bissuma, Solanke derbida sheriklariga yordam bera olishmaydi.

“Arsenal” ham jarohatlardan jabr chekishga o‘rganib qolgan. Farqli tomoni, bu safar yozda klub tarkibni ancha kengaytirdi, bir qator teng kuchli, yuqori saviyadagi transferlarni amalga oshirdi. Avvalgi yillarda Saka, Edegor, Saliba kabi futbolchilarning jarohati chempionlik poygasiga ham, jamoa o‘yini sifati va natijalarga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa, hozircha, “Arsenal” bu mavsumda bunday muammolarni oson yengib o‘tyapti. Martinelli, Trossar, Eze, Madueke, Merino kabi futbolchilar navbati bilan jarohatlanganlar o‘rnini to‘ldirib turishdi. Hatto Salibaning bir muddat safdan chiqishi ham sezilmadi. Ammo bu safargi yo‘qotish yanada jiddiy – Gabriyel terma jamoa yig‘inlarida jarohat oldi va qisqa muddat jamoaga yordam bera olmaydi. Braziliyalik himoyachi Saliba bilan kuchli tandem tashkil qilganidan tashqari, hujumda, standart vaziyatlarda ancha foydali edi. Shu mavsumning o‘zida gol+pas bo‘yicha 3 ballni qo‘lga kiritishga ulgurgan. Salibadan tashqari “to‘pchilar” safida Jyezus, Martinelli, Xavers va Maduekelar ham o‘ynay olishmaydi. Viktor Gyokereshning tushishi ham so‘roq ostida.

O‘zaro o‘yinlarga kelsak, “Tottenhem” APL doirasida 6 o‘yindan beri raqibini yenga olmayapti. O‘tgan mavsumda har ikki uchrashuv ham minimal hisobda Arteta shogirdlarining g‘alabasi bilan tugagan. APL da safardagi so‘nggi g‘alabani esa “Tottenhem” 15 yil oldin qo‘lga kiritgan. O‘shanda mehmonlar tarkibida gollarni Garet Beyl, Rafayel van der Vaartlarning urgani ham voqea qanchalik eski ekanini bilsa bo‘ladi. To‘g‘ri, keyinroq ham “Tottenhem”ning g‘alabasi bor – 2018 yilda jamoa “Emireyts”da 2:0 hisobida g‘alaba qozonib, “Arsenal”ni Liga kubogidan chiqarib yuborgandi.

“Tottenhem”ni kelasi hafta yana bir qiyin safar kutib turibdi – Chempionlar Ligasida “PSJ”ga qarshi o‘yin. “Arsenal”ga ham oson emas, “Bavariya”ni qabul qiladi. Keyin esa “Chelsi”ga qarshi yana bir derbi bor. Xullas, Arteta uchun juda muhim kunlar boshlanmoqda. “Sanderlend”dagi durang tasodif ekanini ko‘rsatish shart, aks holda “Manchester Siti” “qon xidini” sezib qoladi va uyog‘i qanday tugashini bilamiz.

INTeR – MILAN (24 noyabrga o‘tar kechasi, 00:45)

Italiyada nafaqat turning, balki mavsumning markaziy o‘yinlaridan biri – Milan derbisi. “Inter” haliyam salohiyat borasida “A Seriya”ning eng kuchli klubi bo‘lib qolmoqda, buni biz Yevropadagi natijalardan ham ko‘rib turibmiz. To‘g‘ri, mavsum ikki mag‘lubiyat bilan boshlangandi, lekin keyinchalik jamoa o‘zini o‘nglab oldi, ayniqsa, hujumdagi ko‘rsatkichlar e’tiborga molik. “Inter” 11 uchrashuvda 26 gol urishga erishdi – bu boradagi ikkinchi ko‘rsatkich egasi bo‘lgan “Milan”da 9 taga kamroq.

“Milan” esa boshqa tomondan favorit – ushbu mavsumda Allegri jamoasi hech qanday yevrokuboklarda ishtirok etmayapti. Bu juda samarali ustunlik bera olishini o‘tgan mavsum ham isbotladi. “Napoli” tarkib jihatidan u qadar kuchli ko‘rinmagan bo‘lsa-da, aynan yevrokuboklarsiz, haftada bir uchrashuv rejimida bahorga tetikroq yetib bordi. Allegri ham qaysidir ma’noda Kontening izdoshi hisoblanadi, tabiiyki, bu ustunlikdan o‘rinli foydalana oladi. Ayni paytda “Milan”ning tarkibi “Napoli” va “Inter”ga nisbatan soddaroq ko‘rinayotgan bo‘lishi mumkin, lekin jamoa o‘z sport formasini yaxshiroq ushlab turish imkoniyati ko‘proq bo‘ladi.

Ayni paytda “Inter” 24 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda, “Milan”da esa atigi ikki ochkoga kam xolos. Demak derbidagi g‘alaba “qizil-qora”larga turnir jadvalini boshqarish imkoniyatini berishi mumkin. Yana bir favorit “Roma” esa “Kramoneze” mehmoni bo‘ladi. Rimliklar hisobida ham 24 ochko mavjud.

Oxirgi 5 Milan derbisida “Inter” birorta ham g‘alaba qozona olmagani e’tiborga molik. Qizig‘i, shu o‘yinlardan oldin “Inter” qatorasiga 6 derbida g‘alaba qozongandi. Besh o‘yinlik seriya aslida ko‘ringanidek uzoq ham emas, zero bu o‘yinlarning hammasi o‘tgan mavsumda bo‘lib o‘tdi. Chempionatdagi ikki o‘yin bir durang va “Milan”ning g‘alabasi bilan yakunlangan bo‘lsa, bundan tashqari “Milan” Italiya kubogida ikki o‘yin natijasiga ko‘ra “Inter”ni mag‘lub etdi, shuningdek, yil boshida bo‘lib o‘tgan Superkubok finali ham “Milan”ning irodali g‘alabasi bilan tugagandi.

Tarkiblarga to‘xtalsak, o‘yin aynan ikki haftalik tanaffusdan keyinga to‘g‘ri kelgani “Milan”ning omadi bo‘ldi. Chunki Kristian Pulishich va Adrian Rabio tiklanishga ulgurishdi va jamoaga yordam berishi mumkin. Jarohatlanganlardan faqatgina Santiyago Ximenes qoldi. Kivu esa Dumfris, Mxitaryan hamda Darmiyanning yordamidan foydalana olmaydi. Har uchchovining qaytishi dekabrning boshlariga belgilangan. 

ELChe – ReAL MADRID (24 noyabrga o‘tar kechasi, 01:00)

Beshinchi o‘yin uchun nomzodlar ko‘p edi. “Napoli”ning “Atalanta”ga qarshi o‘yini yoki Madriddagi “bolta-chopqi” derbisi ham alohida e’tiborga arziydi. Ammo “Real”ning Elchega safari ham o‘ziga yarasha qiziq bo‘lishi kutilmoqda. Odatda “Real” yoki “Barselona” uchun eng oson, o‘tish o‘yinlari eslanganda raqib sifatida “Alaves” yoki “Elche” kabi jamoalar nomi tilimizga keladi, ammo bu safargi “Elche” biroz boshqacha.

Tasavvur qiling, La Ligada to‘p nazorati bo‘yicha “Real” va “Barselona”dan keyin aynan “Elche” bormoqda. O‘rtacha har o‘yin hisobiga aniq paslar soni bo‘yicha raqamlar ham xuddi shunaqa. “Elche” hatto “Barselona”ga qarshi safardagi o‘yinida ham to‘p nazorati bo‘yicha raqibidan ustunlik qildi. Jamoa uy uchrashuvlarida hali biror marta mag‘lubiyatga uchramagan – 3 g‘alaba va 3 durang. Shu olti o‘yinda “Elche” atigi 3 gol o‘tkazib yuborgan. Tabiiyki, bunday jamoaning “Real”ga qarshi o‘yini alohida qiziqish uyg‘otadi. Buning ustiga o‘tgan turda “Real” boshqa bir qiyin safar o‘yinida “Rayo Valiyekano” bilan durang o‘ynab, “Barselona”ni o‘ziga uch ochkogacha yaqinlashtirib olganini ham e’tiborga olsak, endi Alonso shogirdlarining ochko yo‘qotishga haqqi yo‘q. Shuningdek, “Real” bundan keyingi uch o‘yinni ham safarda o‘tkazadi – Chempionlar Ligasida “Olimpiakos” bilan, keyin La Liga doirasida “Jirona” va “Atletik”ka qarshi. Demak madridliklar uchun o‘ziga xos qiyin davr – qatorasiga 4 La Liga o‘yinini safarda o‘tkazish yakunida “Barselona”ga yetib olish imkonini bermaslik kerak.

O‘zaro o‘yinlar tarixiga qarasak, tabiiyki, “Real”ning ustunligi katta. Oxirgi o‘yinlarda 9 g‘alaba, 2 durang. Mag‘lubiyat yo‘q. Ammo yaqin yillarda ham ancha murosasiz bahslarni ham eslash mumkin. Masalan, uch yil oldin “Elche” “Bernabeu”da g‘alaba qozonishga ozgina yetmay qolgan. Modrichning 82-daqiqada, keyin Militaoning qo‘shib berilgan vaqtdagi urgan gollari 2:2 hisobini ta’minlagan. Yoki 2022 yilning boshidagi kubok uchrashuvini eslash ham mumkin. O‘shanda asosiy vaqtda hisob ochilmagach, 103-daqiqada “Elche” hisobni ochgan, faqatgina to‘rtinchi taymda Isko va Azar gol urib madridliklarga g‘alaba olib kelgandi. Xullas, og‘ir yillarda ham “Elche” ba’zida “Real”ga qarshi munosib o‘ynay olgan ekan, bu safar yanada dadilroq qarshilikni kutishga haqlimiz.

BOShQA O‘YINLAR

22 noyabr. Byornli – CheSI (17:30), BAVARIYa – Frayburg (19:30), BORUSSIYa D – Shtutgart (19:30), Volsfsburg – BAYYeR (19:30), LIVeRPUL – Nottingem Forest (20:00), Fiorentina – YuVeNTUS (22:00), NAPOLI – ATALANTA (23 noyabrga o‘tar kechasi, 00:45), PSJ – Gavr (23 noyabrga o‘tar kechasi, 01:05)

23 noyabr. Kramoneze – ROMA (19:00), Lids – ASTON VILLA (19:00), Xetafe – ATLeTIKO (22:30)

24 noyabr. MYu – Everton (25 noyabrga o‘tar kechasi, 01:00)

Mavzuga oid