Pokrovsk yaqinidagi Mirnogradda ukrain guruhi to‘liq qurshovga tushishi hali sodir bo‘lmadi. Ammo Ukraina qurolli kuchlari hozircha shahardagi vaziyatni xavfsiz qila olmadi: shahar garnizonini olib chiqish uchun ishonchli yo‘lak ochishga muvaffaq bo‘linmadi. Ukraina qo‘mondonligi esa deyarli qurshov holatidagi kuchlarni olib chiqishga shoshilmayapti. Bu vaqtda Rossiya qo‘shinlari Pokrovskda to‘planmoqda. Tez orada ular Mirnogradni qamaldan chiqarishi kerak bo‘lgan ukrain kuchlari joylashgan Grishino qishlog‘iga yurish boshlashi mumkin. Pokrovsk va uning atrofidagi hududlar uchun kurashga allaqachon Ukraina qurolli kuchlarining ko‘plab resurslari hamda katta miqdordagi zaxiralar jalb etilgan. Natijada boshqa yo‘nalishlardagi mudofaa zaiflashgan: RF qurolli kuchlari Zaporijjya oblasti sharqidagi qal’a shahar hisoblangan Gulyaypolening shimoliy chekkalariga tezlik bilan yaqinlashmoqda, Konstantinovka va Severskni shturm qilmoqda hamda Liman yaqinida Shimoliy Don daryosiga yetib kelishga urinmoqda. «Meduza» front chizig‘idagi so‘nggi o‘zgarishlarni ko‘rib chiqdi.

Pokrovsk, Mirnograd va Novopavlovka

Noyabr oyi boshida Rossiya qurolli kuchlari Pokrovskka kirib kelganidan so‘ng, Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligi sinovdan o‘tgan vositani qo‘lladi: shaharga 425-shturmchi «Skala» polki timsolida «o‘t o‘chirish komandasi» tashlandi. Ushbu shturmchilar bir yildan ortiq vaqtdan beri frontning turli uchastkalarida, keskin vaziyat yuzaga kelgan joylarda qarshi hujumlarda (ko‘pincha muvaffaqiyatli) ishtirok etib keladi. Pokrovskda ular shahar markazigacha kirishga muvaffaq bo‘lishdi. Ammo rus qo‘shinlari shaharning shimoliy-g‘arbiy chekkalariga yetib borib, Mirnograd va Grishinoni bog‘lovchi yo‘l to‘sib qo‘yilishi tahdidi yuzaga keldi. Ukraina dronlari Mirnograd – Grishino yo‘lida Rossiya shturmchilarining kichik guruhini aniqlab, ularga hujum qildi.

Mirnogradning o‘zida janub, sharq, g‘arb va shimoli-sharqdan hujum qilayotgan Rossiya qurolli kuchlari o‘rtasida Ukrainaning ikkita brigadasi bo‘linmalari qolib ketgan. Rossiya qo‘shinlari allaqachon Mirnograd janubiy mikrorayonining katta qismini egallagan, shuningdek, shahar shimolidagi kvartallarda mustahkam o‘rnashib olgan. Ukraina garnizoni ta’minotini amalga oshirish masalasi haddan tashqari og‘irlashgan. Rossiya aviatsiyasi ukrain harbiylari yashirinishi mumkin bo‘lgan ko‘p qavatli uylarga muntazam ravishda zarba bermoqda.