O‘zbekiston | 12:00 / 25.11.2025
1218
13 daqiqa o‘qiladi

InfinBANK o‘z AI-yechimlarini qanday yaratyapti: data-markazdan golografik assistentgacha

Yaqinda O‘zbekiston Prezidenti hukumat yig‘ilishida boshqalarning tajribasini shunchaki ko‘chirib olmaslik, balki sun’iy intellektni mahalliy miqyosda rivojlantirish kerakligini ta’kidladi. Kun.uz bank sohasi bu borada qanday ish olib borayotganiga qiziqdi. Ma’lum bo‘lishicha, ayrim banklar bu yo‘nalishda allaqachon harakatni boshlagan va ilk natijalar bilan bo‘lishishga tayyor.

InfinBANK jamoasi vakillari Server Abduraimov va Aziz Siyayev bizga tashqi platformalarga tayanmasdan o‘zlarining SI-yechimlarini: o‘z data-markazi va mijozlarni baholash tizimidan to Telegram-botgacha va hatto bank bo‘limlaridagi golografik assistentgacha qanday yaratishgani haqida so‘zlab berishdi.

Nima o‘zgardi

Mijozlarni baholash modeli yangilanganidan so‘ng prognozlar aniqligi 10% ga oshdi, shu bilan birga, arizalarni qayta ishlash tezligi ham oshdi — tizim ma’lumotlarni yaxshiroq tahlil qiladi va qaror qabul qiladi. Bu mijozlar o‘z savollariga tezroq javob olishi, bank esa samaraliroq ishlashini anglatadi.

Ma’lumotlarni qayta ishlash markazi giperkonvergent platforma asosida qurilgan bo‘lib, mustaqillik va keng miqyoslilik imkonini beradi: barcha tarmoq va kanallar zaxiralangan, tizim yuklama oshganda ham to‘xtovsiz ishlay oladi. Telegram-bot va virtual assistent foydalanuvchilarga o‘zbek va rus tillarida 24/7 rejimida xizmat ko‘rsatib, operatorlarga tushadigan yuklamani kamaytiradi. Bo‘limlarda esa golografik avatar mijozlarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi va bank xizmatlari haqida ma’lumot beradi.

Nega hammasini o‘zimiz qurdik

Oddiy banklarda mijozlarni baholash tashqi servislar orqali amalga oshiriladi, asosiy tizimlar eskirgan platformalarda ishlaydi, chat-botlar esa tashqi yechimlardan foydalanadi. Bunday yondashuvlarda uchta muammo mavjud:

Ma’lumotlar tashqariga chiqib ketadi. Mijozlar haqidagi maxfiy ma’lumotlarni tashqi provayderlarga uzatish xavfsizlik va qonunchilik uchun xavfli holatlarni keltirib chiqaradi.

Texnologiya ustidan nazorat bo‘lmaydi. Model - qora quti, uni mahalliy kontekstga moslashtirish qiyin. Platforma kutilmaganda narxni oshiradigan bo‘lsa, vaziyat asiriga aylanib qolasiz..

Masshtablash qiyin. O‘zbekistondagi ijaraga olingan ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari cheklangan: kechikishlar yuqori, yangi quvvatlarni sotib olishga bir necha oy ketadi.

Biz o‘z bank tizimimizni yangitdan “yig‘ish”: data-markaz qurish, o‘z baholash tizimimizni ishlab chiqish, mikroservisli arxitektura va chat-botni noldan yozishga qaror qildik. Boshida bu qimmat va qiyin bo‘ldi, ammo ma’lumotlar, arxitektura va mahsulot ustidan to‘liq nazorat berdi.

Nega ijara emas, o‘z data-markazimiz

Bank o‘z data-markazini yaratishga ekspertizaga ega ixtisoslashgan kompaniyalarni jalb etdi. Loyihalash, montaj va ishga tushirish ishonchlilik va energosamaradorlik bo‘yicha xalqaro standartlarga muvofiqlikni ta’minlagan texnik hamkorlar va yechimlar vendorlari ishtirokida amalga oshirildi.  

Birinchi savol: quvvatlarni ijaraga olish mumkin bo‘lsa, data-markaz qurishning nima keragi bor?

Birinchidan, bu mustaqillik. Bank hisoblash resurslarini o‘zi boshqaradi va pudratchiga qaram bo‘lmaydi. Ikkinchidan, mijozlarning shaxsiy ma’lumotlarini saqlash talabi. Uchinchidan, ekspertiza masalasi: bank bilimlar jamoa ichida qolishiga harakat qiladi. 

Ha, boshlanishida data-markaz qurilishi sezilarli investitsiyalarni talab qiladi. Lekin uzoq muddatli istiqbolda ijara qimmatroqqa tushadi, xususiy infratuzilma esa bank aktivida qoladi.

Data-markaz qanday tuzilgan?

Biz data-markazga “serverlar xonasi” emas, balki barcha bank xizmatlari barqarorligini ta’minlovchi muhandislik platformasi sifatida yondashdik.

Giperkonvergensiya. Hisoblash resurslari, ma’lumotlarni saqlash va virtualizatsiya yagona boshqaruv tizimiga birlashtirilgan. Bu masshtablashni soddalashtiradi — yangi bog‘lamlar to‘xtab qolishlarsiz qo‘shiladi. Butun infratuzilmani yagona mexanizm singari bitta interfeys orqali boshqarish mumkin.

Xatolarga chidamlilik: barcha bog‘lamlar zaxiralangan, agar bittasi ishdan chiqsa, tizim yuklamani avtomatik ravishda boshqalariga o‘tkazadi. Elektr ta’minoti va sovitish tizimi zaxira bilan ishlaydi – har ehtimolga qarshi zaxira konturlar mavjud. Harorat, namlik va energiya iste’moli to‘xtovsiz monitoring qilinadi.

Ma’lumotlarni saqlash: ma’lumotlar hisoblash va saqlash resurslari birlashgan saqlash tizimiga joylanadi, Serverlar soni oshishi bilan umumiy samaradorlik va barqarorlik oshib boradi. Tizim ma’lumotlardan avtomatik ravishda nusxa oladi va yuklamalarni serverlar o‘rtasida taqsimlaydi. Asosiy xizmatlar va ma’lumotlar bazasi bank maydonchalari o‘rtasida nusxalanadi – nusxalash maydonchalardan biri ishdan chiqqanda ham ma’lumotlardan foydalanish imkonini beradi.

Barcha ko‘rsatkichlar yagona panelda aks etadi. Ular asosida yuklamalar prognozi va reaksiyalar ssenariysi tuziladi – tizim nafaqat uzilishlarga dosh beradi, balki uzilishlarning oldini ham oladi.

Mijozlar arizalari qanday qayta ishlanadi?

Biz arizalarni qayta ishlash tizimini qaytadan yozganimizda nafaqat jarayonni tezlashtirish, balki har bir bosqichda xavfsizlikni ta’minlash ham muhim edi.

Mijoz arizani qanday jo‘natadi? Mijoz mobil ilova, internet-bank, bankomat, POS-terminal yoki hamkor API orqali ariza yuborishi mumkin. Barcha so‘rovlar trafik qabul hududiga tushadi, bu yerda ma’lumotlar shifrlanadi, taqsimlovchilar esa yuklamalarni serverlar orasida taqsimlaydi va har bir so‘rovni tekshirib chiqadi.

Bank ichida qayta ishlash. Trafik bank servislari: avtomatlashgan bank tizimi, CRM, arizalarni qayta ishlash tizimi ishlaydigan virtual muhitga yo‘naltiriladi. Yangilanish yoki xatolar bir-biriga xalaqit bermasligi uchun har bir servis alohida klasterga joylashtirilgan.

Mikroservislar zanjiri. Tizimni shunday ta’riflash mumkin:

  1. Qabul servisi arizani qabul qiladi va tekshiradi.
  2. Verifikatsiya servisi tashqi manbalardan zarur ma’lumotlarni so‘raydi.
  3. Baholash servisi tahlil uchun ML-modellarni ishga soladi.
  4. Hisoblash servisi xizmat parametrlarini aniqlaydi.
  5. Hujjatlar servisi zarur hujjatlarni shakllantiradi va ularni OTP orqali tasdiqlaydi.
  6. Ijro servisi operatsiyani yakunlaydi.

Mikroservislar o‘rtasida ma’lumot almashish uchun xabarlar brokerlaridan foydalaniladi, bu ishonchli kommunikatsiyani ta’minlaydi. 

Nosozliklardan himoya. Tashqi tizimlarda nosozlik yuz berganda, himoya mexanizmi ishga tushadi: servis vaqtincha ishlamayotgan provayderga murojaatlarni to‘xtatadi va butun tizim to‘xtab qolmasligi uchun so‘rovlarni navbatga qo‘yadi. Bu mexanizm “circuit breaker pattern” tamoyili asosida yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, nosozlikni lokallashtirish va taalluqli xizmatlarga yuklama tushmasligi imkonini beradi. Har bir bosqichda real vaqtda ma’lumot oqimlarini tahlil qiladigan hamda anomaliyalar va yuklanishlarni aniqlashga yordam beradigan monitoring tizimi ishlaydi.

Mijozlarni baholash tizimi qanday ishlaydi?

Biz kredit tarixi va muqobil ma’lumotlar: tranzaksiyalar, tushumlar, balans dinamikasi, anketa ma’lumotlari asosida baholaymiz.

Tushunarlilik tamoyili. Biz uchun asosiy tamoyil — qarorlarning shaffofligi. “Qora quti”lar o‘rniga logistik regressiya kabi modellardan foydalanamiz. Ular nafaqat prognoz qilish. balki har bir belgining yakuniy qarorga qo‘shgan hissasini izohlash imkonini beradi.

Muntazam sikl. Bizda model sikli hech qachon to‘xtamaydi. Biz belgilar taqsimoti va sifat ko‘rsatkichlarini doimiy tahlil qilamiz. Agar qandaydir xarakteristika, masalan, iste’mol odatlari yoki iqtisodiy vaziyat o‘zgargani uchun foydali bo‘lmay qolsa — u modeldan chiqariladi, o‘rniga yangi omillar qo‘shiladi.

Nimalarni kuzatamiz? Biz biznes-metrikalarni: prognozlarning aniqligi, o‘tkazuvchanlik qobiliyati, turli vaqt intervallarini monitoring qilamiz. Shuningdek, texnik metrikalar: mijozlarni ajratish sifati ko‘rsatkichlari, xatolar ulushi, ma’lumotlar taqsimotining barqarorligini kuzatib boramiz.

Model qanday yangilanadi? Mahsuldorlik pasayganida model qayta o‘qitiladi. Jarayon quyidagicha kechadi:

  1. Yangi versiya dastlab arizalarni qayta ishlab, lekin ularga nisbatan qaror chiqarmasdan fon rejimida ishlaydi. 
  2. So‘ngra unga arizalarning kichik qismi o‘tkaziladi — bu A/B-testi
  3. Biz ish sifati ko‘rsatkichlarini taqqoslaymiz.
  4. Agar hammasi joyida bo‘lsa, model ishlab chiqarishga o‘tkaziladi. Agar yo‘q bo‘lsa – mukammalroq ishlab chiqishga qaytariladi.

Bunday yondashuv arizalarni qayta ishlash tezligi va qabul qilinadigan qarorlarning sifati o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlaydi.

Yangi omillar aniqlikni 10%ga oshirdi

Yangilanishlardan birida biz avvalgi model mijozlarni tahlil qilishda yomonroq ishlayotganini aniqladik. Mijozlar o‘zgargan, ularning xatti-harakatlari boshqacha bo‘lgan, ammo model ularni eski mezonlar asosida baholashda davom etgan.

Biz omillarni qayta ko‘rib chiqdik: eskirganlarini chiqarib tashladik va mijozlarning hozirgi faoliyati bilan bog‘liq yangi omillarni qo‘shdik. Natija: prognozlarning aniqligi 10%ga oshdi, tizimning o‘tkazuvchanligi esa kengaydi.

Boshqacha aytganda, yangi model mijozlarni va ularning ehtiyojlarini yaxshiroq tushunadi. Bu ko‘proq arizalarni yuqori sifatda qayta ishlash imkonini beradi — natijada mijozlar ham, bank ham yutadi.

AI-assistentlar

Biz baholash tizimlarida generativ sun’iy intellektdan foydalanmaymiz, chunki muhim qarorlarni “qora quti”ga ishonishni xohlamaymiz. Lekin undan muloqotning tabiiyligi muhim bo‘lgan servislarda foydalanamiz.

Bo‘limdagi golografik yordamchi. Bizning AI-avatar — bu sizni bo‘limda kutib oluvchi golografik virtual xodim. U kompyuter ko‘rish modellari orqali mijozni “ko‘radi”, eshitadi va tushunadi hamda tabiiy ovozda gapiradi.

Javob maxsus arxitektura orqali shakllantiriladi: tizim dastlab mijozning savolini qayta ishlaydi, so‘ng ichki bilim bazasidan ma’lumot qidiradi va shundan keyingina matnni yaratadi. Matn yaratish uchun biz Gemma va Llama kabi ochiq modellardan foydalanamiz va ularni o‘z vazifalarimizga moslab qo‘shimcha o‘qitamiz. Javob berishdan oldin uni gallyutsinatsiya yo‘qligi bo‘yicha tekshiramiz, shundan keyin nutq va animatsiyani sintez qilamiz.

Telegram-bot. Telegram-botimiz ortida ham ana shunday «miya» turadi: u 24/7 rejimida ishlaydi, o‘zbek va rus tillarini qo‘llab-quvvatlaydi hamda xizmatni tanlashga yordam beradi yoki mijoz savoliga javob qaytaradi.

Murojaatlar tahlili. Muloqotdan tashqari, murojaatlarni ham tahlil qilamiz. Mijozlar operatorlar bilan suhbatlashgan chat-platformalardan ma’lumot yig‘amiz va ML-modellar yordamida trendlarni aniqlaymiz: mijozlarni qaysi mavzular ko‘proq qiziqtirmoqda, qaysi xizmatlar bo‘yicha savollar tug‘ilmoqda, qayerda muammolar bor. Bu foydalanuvchilarning so‘rovlariga tezkorlik bilan javob berish va servislar sifatini yaxshilash imkonini beradi.

O‘z tajribamiz orqali nimalarni bildik?

Raqobatbardosh ustunlik beruvchi narsalarni yarating. Asosiy narsalar — baholash tizimlari, mikroservislar, chat-botlarni o‘zimiz ishlab chiqamiz. Bu orqali mahalliy bozorga moslasha olamiz va tashqi ta’minotchilarga qaram bo‘lmaymiz.

E’tiborni nafaqat modelga, balki ma’lumotlarga ham qaratish. Ma’lumotlarni tozalash, jarayonlarni sozlash va monitoring murakkab algoritmlarga suyanib qolishdan ko‘ra yaxshiroq natijalar beradi.

Biz uchun sun’iy intellekt — odamlarning o‘rnini bosuvchi emas, balki bankni mijozga yaqinlashtiruvchi vosita. Biz texnologiyalarni bank bilan muloqot qilish xuddi odam bilan suhbatlashgandek tabiiy bo‘lishi uchun yaratamiz.

Agar siz ishlab chiqarishdagi ML, mikroservislar yoki o‘zbek tilidagi o‘z AI-assistentingizni yaratish mavzusiga chuqurroq kirishni istasangiz, izohlarda savol bering. Umid qilamizki, bizning tajribamiz siz uchun foydali bo‘ladi.

Infinbak bilan hamkorlikda tayyorlandi.

Tayyorlagan:  Kun.uz Admin

Mavzuga oid