Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukraina yana o‘qqa tutildi: Kiyev shahri va oblastida 9 kishi halok bo‘lgan
Seshanbaga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shini Kiyev shahri va Kiyev oblasti bo‘ylab navbatdagi yopirilma zarbani yo‘lladi, natijada kamida to‘qqiz kishi halok bo‘lgan. Bu vaqtda Ukrainaning Taganrogga zarbasi oqibatida uch kishi vafot etgan.
Foto: Oleksii Filippov / AFP / Scanpix / LETA
Rossiyalik harbiylar tunda Ukrainaning turli hududlari bo‘ylab zarba yo‘lladi.
Ukraina qurolli kuchlari havo kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, hujumda 464 ta zarbdor dronlar va turli tipdagi (havo, dengiz va quruqlikdan) 22 raketa uchirilgan.
Prezident Volodimir Zelenskiy hujumning asosiy nishonlari energetika obektlari va boshqa o‘ta muhim infratuzilmalar bo‘lganini aytgan. Undagi ma’lumotlarga ko‘ra, rossiyaliklarning to‘rtta droni Moldova va Ruminiya havo kengliklarini buzib kirgan.
Eng jiddiy vayrongarchiliklar Kiyevda qayd etilgan, poytaxtga dronlar va raketalar uchib kelgan.
Dniprovsk va Pechersk rayonlarida ko‘p qavatli turar joy binolari zarbaga uchragan va yong‘inlar yuzaga kelgan, Svyatoshinskiy rayonida esa omborxona yonib ketgan.
Kiyev shahri meri Vitaliy Klichko shaharning turli rayonlarida jami yetti kishi halok bo‘lganini xabar qilgan. Yana 20 kishi jarohatlangan, shundan yetti nafari, jumladan, bir bola shifoxonaga yotqizilgan.
Klichko Svyatoshinskiy rayonida zarbaga uchragan bino xarobalari ostida odamlar qolayotgan bo‘lishi mumkinligini qo‘shimcha qilgan.
Pechersk rayonida ham 22 qavatli turar joy binosi hujum vaqtida shikastlangan.
Bundan tashqari, Kiyev oblastidagi Belaya Tserkov shahrida ham hujum oqibatida kamida ikki kishi halok bo‘lib, sakkiz kishi yaralandi, deb xabar bergan shahar kengashi kotibi Volodimir Vovkotrub.
Oblast harbiy ma’muriyati tunda 14 yoshli qiz yaralangani to‘g‘risida xabar qilgandi.
Odessada Rossiya dronlari hujumi oqibatida energetika obektlari hamda port infratuzilmalari shikastlandi, deb xabar berdi Ukraina favqulodda vaziyatlar davlat xizmati. Odessa oblasti ma’muriyati rahbari Oleg Kiperning ma’lum qilishicha, hujum vaqtida olti kishi yaralangan.
Shuningdek, tunda Dnipropetrovsk, Xarkiv, Chernihiv va Cherkassk oblastlari ham hujumga uchragan.
Rossiya janubiga zarba
O‘z navbatida, Rossiya tomoni ham tunda ukrainlarning 250 ga yaqin dronlari urib tushirilgani haqida xabar bergan.
Rossiya mudofaa vazirligi bayonotiga ko‘ra, 116 ta dron Qora dengiz akvatoriyasi ustida, yana to‘rttasi Azov dengizi hududida, 76 ta dron Krasnodar o‘lkasida qayd etilgan.
Rossiyalik harbiylarga ko‘ra, yana 23 ta uchuvchisiz uchar qurilma anneksiya qilingan Qrim hududida, yettitasi Bryansk oblastida, to‘rttasi Kursk, ikkitasi Belgorod, bittasi Lipetsk osmonida yo‘q qilingan.
Krasnodar o‘lkasi gubernatori Veniamin Kondratev oldinroq davomli va keng ko‘lamli hujumlardan biri bo‘lib o‘tganini, Novorossiysk va Gelenjik kuchli zarba ostida qolganini xabar qilgandi. Undagi ma’lumotlarga ko‘ra, regionning beshta munitsipaliteti hududida hujum oqibatida olti kishi yaralangan, kamida 20 uy shikastlangan.
Ukrain dronlarining tungi hujumidan eng ko‘p Rostov oblastidagi Taganrog shahri aziyat chekkan. Rostov oblasti gubernatori Yuriy Slyusarning ma’lum qilishicha, ushbu shaharda uch kishi halok bo‘lgan. Shuningdek, Rostov oblastining Neklinovskiy rayonida o‘n kishi yaralangan.
Hujum chog‘ida Taganrogdagi ikkita ko‘p qavatli uy, xususiy uy, kollej binosi, ikkita sanoat korxonasi va 7-sonli bolalar bog‘chasi shikastlangan, deya xabar berdi Taganrog meri Svetlana Kambulova.
Astra nashri yozishicha, Taganrogda G.M.Beriyev nomidagi aviasozlik korxonasi yaqinidagi uchish-qo‘nish yo‘lagi hududida yong‘in sodir bo‘lgan.
Ukraina bosh shtabi seshanba kuni ertalab Taganrogga berilgan zarba natijasida aviasozlik korxonasi va dronlar zavodiga zarba berilganini xabar qilgan, hududda ta’mirlash jarayonida bo‘lgan A-50 va Tu-95MS samolyotlari shikastlangan bo‘lishi mumkin.
Novorossiyskda to‘rt kishi jarohatlangan holda shifoxonaga yotqizildi, deya aniqlik kiritdi shahar rahbari Andrey Kravchenko. O‘lka gubernatori ma’lumotlariga ko‘ra, Kabardinka qishlog‘ida bir nechta xususiy uylarga zarar yetgan, bir kishi kasalxonaga yotqizilgan.
Ukraina bosh shtabi Novorossiyskda «Sheshxaris» neft terminali va S-400 havo hujumidan mudofaa tizimining uchirish qurilmasi shikastlanganini da’vo qilmoqda.
Keng ko‘lamli zarbalar almashinuvi Ukrainadagi urushni to‘xtatish rejasi muhokama qilinishi fonida yuz berdi. O‘tgan dam olish kunlari Jyenevada AQSh va Ukraina vakillari o‘rtasida Vashington tomonidan taklif qilingan tinchlik rejasiga bag‘ishlangan muzokaralar o‘tkazildi. Muzokaralardan so‘ng ikkala tomon ham «juda yaxshi» va «adolatli va mustahkam tinchlik» yo‘lidagi «sezilarli taraqqiyot» haqida bayonot berdi.
Mavzuga oid
14:41 / 13.12.2025
Ukraina: Kaspiyda Rossiyaning qurol tashigan ikki kemasiga hujum qilindi
14:23 / 13.12.2025
Tramp Ukrainaning Rossiya “soya floti”ga zarba berishini ma’qulladi
14:06 / 13.12.2025
Moskva Zelenskiyning Donbass bo‘yicha referendum o‘tkazish g‘oyasini rad etdi
13:16 / 13.12.2025