Jamiyat | 13:34 / 26.11.2025
19542
2 daqiqa o‘qiladi

Namanganda Onix urib ketishi oqibatida yana bir YPX xodimi halok bo‘ldi

Namangan viloyatiga davolanish uchun borgan navoiylik YPX xodimi YTH oqibatida vafot etdi. Piyodalar yo‘lagidan yo‘lni kesib o‘tayotgan xodimni tegishli hujjatlari bo‘lmagan haydovchi Onix mashinasida urib ketgan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Namanganda yana bir YPX xodimi YTH qurboni bo‘ldi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar berdi.

YTH 2025 yil 25 noyabr kuni kechki payt Namangan shahrida sodir bo‘lgan. Navoiy viloyati IIB YHXB xodimi Doniyor Nurullayev yo‘lni piyodalar yo‘lagidan kesib o‘tayotgan vaqtida uni Onix mashinasi urib ketgan.

Onix’ni haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan yigit boshqargani aytilmoqda. YPX xodimi og‘ir tan jarohati olib, voqea joyida vafot etgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Doniyor Nurullayev Namangan shahriga da’volanib, sog‘ligini tiklash maqsadida borgan.

Doniyor Nurullayevning vafoti Navoiyda janoza xabarlari berib boriladigan Telegram kanalida ham e’lon qilindi. Qayd etilishicha, 28 yoshli YPX xodimi ikki farzandning otasi bo‘lgan.

Namanganda 4 kun oldin, 21 noyabr kuni ham xizmat olib borayotgan YPX xodimi Onix urib ketishi oqibatida halok bo‘lgandi. Unda ham mashinani tegishli hujjatlari bo‘lmagan haydovchi boshqargan.   

Mavzuga oid