Prezident Şavkat Mirziyoyev 27 noyabr kuni Milliy statistika qömitasining hisoboti bilan tanişdi.

Qayd qilinişiça, idoralararo ma’lumot almaşinuvi kengaytirilib, 60 ta integratsiya joriy etilgani natijasida hisobot yuklanmasi 27 foizga qisqardi. Şu jumladan, soliq organlarining onlayn-kassa ma’lumotlari, elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’moli, qişloq xöjaligi ekin maydonlari va hosil töğrisidagi ma’lumotlarni avtomatlaştirilgan holda qabul qiliş yölga qöyildi.

Yiğilişda yalpi milliy mahsulotning nominal hajmini hisoblaşni yaxşilaş böyiça qilingan işlar yuzasidan axborot berildi. Bozor xizmatlari, quriliş, qişloq xöjaligi, sanoat va budjet xarajatlarini statistika bilan yanada kengroq qamrab oliş natijasida qöşimça 81 trillion söm qöşilgan qiymat inobatga olinib, 2024 yil yakunlari böyiça YaIM hajmi 115 milliard dollardan 121,4 milliard dollarga oşdi.

Şu bilan birga, yaşirin iqtisodiyot uluşi 2017 yildagi 50 foizdan 2024 yilda 35 foizgaça kamaygani ta’kidlandi. Yaqin istiqbolda yana 79 trillion sömlik norasmiy iqtisodiyotni statistika bilan qamrab oliş, yaşirin iqtisodiyot uluşini 29 foizgaça tuşiriş imkoniyati mavjudligi ma’lum qilindi.

Prezident global bozorda elektron savdo hajmi jadal ösayotganini ta’kidladi. Mamlakatda bu sohaning ösiş sur’atlari 9-11 foizga yetişi kutilmoqda. Şuningdek, axborot texnologiyalari va masofaviy xizmatlar, frilans kabi yangi sohalar tez rivojlanyapti. Milliy statistika tizimi oldida bu sohalarni ham qamrab oliş böyiça muhim vazifalar turgani körsatib ötildi.

Iste’mol narxlari indeksini tuzişda ma’lumotlarni qölda yiğiş amaliyotidan voz keçib, AT va sun’iy intellekt texnologiyalariga bosqiçma-bosqiç ötiş zarurligi ta’kidlandi.

Milliy statistikani zamonaviy va xalqaro darajada tan olinadigan tizimga aylantiriş masalalari ham körib çiqildi.

Xalqaro “Deloitte” konsalting kompaniyasi tomonidan 23 ta taşabbus va 70 ta loyiha işlab çiqilgani aytildi. Ularni bosqiçma-bosqiç amalga oşiriş statistikaning aniqligi, tezkorligi va şaffofligini oşirişga xizmat qilişi ta’kidlandi. Bundan taşqari, Jahon banki bilan birgalikda 2030 yilgaça bölgan davrda statistikani rivojlantiriş milliy strategiyasi işlab çiqilmoqda.

Kelgusi yil yanvar oyida boşlanadigan aholini röyxatga oliş işlariga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.