Vashington markazida, prezident qarorgohi – Oq uy yonidagi ko‘chada sodir bo‘lgan otishma oqibatida yaralangan ikki Milliy gvardiya xodimining ahvoli og‘irligicha qolmoqda. Tramp Floridadagi qarorgohida chiqish qilib, otishma uyushtirgan afg‘onistonlik, albatta, jazolanishini aytdi. Pentagon rahbari esa Vashingtonga yana 500 nafar gvardiyachilar tashlanishini e’lon qildi.

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, chorshanba, 26 noyabr kuni tushdan keyin Afg‘onistondan kelgan muhojir milliy gvardiyaning ikki a’zosiga qarata o‘t ochgan va o‘q ovozini eshitgan boshqa milliy gvardiya xodimlari u odamni qo‘lga olib, qurolsizlantirgan. Otishma sodir bo‘lgan paytda Floridada bo‘lib, chorshanba kechqurun bayonot bilan chiqqan prezident Trampga ko‘ra, gumonlanuvchi 2021 yilning sentabrida mamlakatga noqonuniy kirgan Afg‘oniston fuqarosi bo‘lib chiqmoqda. Tramp uning administratsiyasi bunday yovuzlik, nafrat va terror akti uchun eng katta narx, ya’ni eng og‘ir jazoni berishini va’da qildi. 

Ichki xavfsizlik departamenti matbuotga bergan bayonotida gumonlanuvchi “Afg‘onistondan kelgan jinoiy musofir” Rahmonulla Lakamal ekanini tasdiqladi. Uning immigratsiya maqomi noaniq edi. 2021 yilda sobiq prezident Jo Bayden davrida AQSh bu mamlakatdan tartibsiz ravishda chiqib ketganidan keyin o‘n minglab afg‘onlar maxsus immigratsiya himoyasi ostida AQShga kirishdi, deydi Oq uy rasmiylari. 

Endi biz Bayden davrida Afg‘onistondan mamlakatimizga kirib kelgan har bir musofirni qayta ko‘rib chiqishimiz kerak”, deya qo‘shimcha qildi Tramp chorshanba kuni kechqurungi chiqishida. 

AQSh Fuqarolik va immigratsiya xizmati tekshiruv protokollari ko‘rib chiqilgunga qadar barcha afg‘on immigratsiya so‘rovlarini ko‘rib chiqishni to‘xtatganini aytdi. 

BBC’ning yozishicha, otilgan askarlar odatda gavjum bo‘ladigan ko‘chada edi va tergovga rahbarlik qilayotgan FQB direktori ta’biri bilan aytganda gvardiyachilar “dahshatli zo‘ravonlik harakatida shafqatsizlarcha hujumga uchradi”.